Ring tashqarisidagi “jang”: Jahon chempioni sevgilisini kaltaklashda ayblanmoqda
Sport
−
15 yanvar 1480 1 daqiqa
Jahon boks assotsiatsiyasi (WBA) yengil vazn toifasidagi chempioni Jervonta Devis sobiq sevgilisiga nisbatan zo‘ravonlik qilganlikda gumon qilinib, Mayami politsiyasi tomonidan qidiruvga berildi. Bu haqda Mayami Gardens politsiya departamenti bayonotiga tayanib, TMZ nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, ushbu voqea 2025 yilning 27 oktyabr kuni sodir bo‘lgan. Jabrlanuvchining sudda bergan ko‘rsatmalariga ko‘ra, u Devis bilan besh oy davomida yashirin munosabatda bo‘lgan. Ayolning da’vosiga ko‘ra, bokschi uning ofisiga bostirib kirib, jismoniy tajovuz qilgan, so‘ng uni avtoturargohga majburan olib chiqib, u yerda ham ayolni kaltaklagan.
Jabrlanuvchining advokatlari Jervonta Devisdan yetkazilgan ma’naviy va jismoniy zarar uchun katta miqdorda kompensatsiya undirishni talab qilmoqda.
Kecha, 14 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Mayami politsiyasi vakili bokschini uchta modda bo‘yicha — kaltaklash, noqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum etish va odam o‘g‘irlashga urinish ayblovlari asosida hibsga olish uchun AQSH marshallari bilan hamkorlik qilinayotganini ma’lum qildi.
Tergovchilar jabrlanuvchining ko‘rsatmalarini tasdiqlovchi videoyozuvlarni o‘rganib chiqqan va Devisni hibsga olish uchun rasmiy order olgan.
Ma’lumot uchun, Jervonta Devis professional karerasida hozirgacha 30 ta jang o‘tkazib, 28 ta nokaut bilan g‘alaba qozongan va 1 durang bilan rekordini saqlamoqda.
Live
Barchasi