Rimda AQSH-Eron muzokaralarining 5-raundi bo‘lib o‘tdi
Olam
−
23 may
2746Bugun, 23 may kuni Italiya poytaxti Rimda Ummon vositachiligida Eron va AQSH o‘rtasidagi muzokaralarning beshinchi raundi yakunlandi.
Ummonning Rimdagi elchixonasidagi yig‘ilish ishtirokchilaridan biri bo‘lgan AQSH Prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff mahalliy vaqt bilan taxminan soat 16:00 da qarorgohni tark etdi. O‘shanda muzokaralar yakunlangani haqida da’volar bor edi, biroq Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Bag‘ay davlat televideniyesiga tomonlar o‘rtasidagi siyosiy muzokaralar texnik muzokaralar ortidan o‘tganini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Uitkoff avvalroq rejalashtirilgan reysga yetib olish uchun qarorgohni erta tark etgan va muzokaralar “xotirjam va professional” muhitda o‘tgan. Muzokaralar doirasida Eron va Ummon Tashqi ishlar vazirlari ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazdi.
Uittkoff ketganidan taxminan bir soat o‘tgach, avval AQSH delegatsiyasi, keyin esa Eron delegatsiyasi muzokaralar maydonini tark etdi. Muzokaralar taxminan 3,5 soat davom etdi.
Hozircha na Eron, na AQSH muzokaralar natijasi bo‘yicha hech qanday bayonot bergani yo‘q.
Muzokaralarda vositachilik qilgan Ummon Tashqi ishlar vaziri Bedr bin Hamid al-Busaidiy ijtimoiy tarmoqlarda quyidagi xabarni baham ko‘rdi:
“Eron va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi muzokaralarning beshinchi raundi bugun Rimda biroz oldinga siljish bilan yakunlandi, ammo yakuniy natijaga erishilmadi. Qolgan savollarga yaqin kunlarda oydinlik kiritamiz degan umiddamiz. Shu yo‘l bilan biz barqaror va munosib kelishuvga erishishdek umumiy maqsadimizga qarab harakat qilishimiz mumkin”.
Ma’lumot uchun, AQSH va Eronning Ummon vositachiligidagi Tehron yadroviy dasturi bo‘yicha kelishmovchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha muzokaralarining birinchisi 12 aprel kuni Ummon poytaxti Maskatda, ikkinchisi 19 aprel kuni Rimda, uchinchi va to‘rtinchisi 26 aprel va 11 may kuni yana Ummon poytaxtida bo‘lib o‘tgan. Maslahatlashuvlarda Eron delegatsiyasiga Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi, Amerika delegatsiyasiga esa Prezidentning maxsus vakili Stiven Uitkoff boshchilik qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon mamlakat harbiy-dengiz kuchlari rahbariyati bilan uchrashuvda AQSH Prezidenti Donald Trampning kuch ishlatish tahdidiga qaramay, Tehron Vashington bilan muzokaralarni davom ettirishi, ammo tinch yadroviy energiyani rivojlantirish huquqidan hech qachon voz kechmasligi haqida gapirgan edi.
LiveBarchasi