Rim papasi Isroilni Falastin davlatini tan olishga chaqirdi (video)
Olam
−
01 dekabr 1555 2 daqiqa
Kecha, 30 noyabr kuni Rim papasi Leo XIV Isroil va Falastin xalqi o‘rtasidagi o‘n yillar davom etgan mojaroning yagona yechimi Falastin davlatini tan olish ekanini aytdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, amerikalik birinchi papa Leo Turkiyadan Livanga uchayotgan samolyotdagi jurnalistlarga Isroil va Falastin davlatlari o‘rtasidagi mojaro to‘g‘risida gapirdi.
“Biz hammamiz bilamizki, hozirda Isroil hali ham bu yechimni qabul qilmayapti, lekin biz buni yagona yechim deb bilamiz. Biz Isroil bilan ham do‘stmiz va biz ikki tomon o‘rtasida vositachi ovoz bo‘lishga intilamiz, bu ularga hamma uchun adolat bilan yechim topishga yordam beradi”, dedi papa italyan tilida.
Shuningdek, Rim papasi 8 daqiqalik qisqa matbuot anjumanida 1,4 milliard a’zosi bor bo‘lgan katolik cherkovining rahbari sifatida may oyida saylanganidan keyin birinchi chet el safarida Turkiyaga tashrifi haqida ham gapirdi
Rim papasining aytishicha, u Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan Isroil-Falastin va Ukraina-Rossiya mojarolarini muhokama qilgan.
“Turkiya ikkala urushni tugatishda muhim rol o‘ynaydi”, dedi Rim papasi.
Suhbat davomida u Turkiyani diniy hamkorlikning namunasi sifatida maqtadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya turli dinga mansub odamlar tinch-totuv yashay oladigan diyor.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rim papasi ilk xorijiy safarini Turkiyadan boshlagani haqida xabar berilgandi. 27 noyabr kuni Rim papasi Leo XIV o‘zining birinchi xalqaro safariga yo‘l olgandi. U 27 noyabrdan 2 dekabrgacha Turkiya va Livanga tashrif buyurishini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi