RFda maxfiy yadroviy suvosti kemasidagi yong‘in sababi aytildi

Olam

image

Avvalroq, Rossiya hududiy suvlarida suvostidagi ilmiy-tadqiqot apparatida yuz bergan yong‘in natijasida 14 nafar suvosti dengizchisi halok bo‘lgani haqida xabar bergan edik.

Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri Sergey Shoygu suvosti apparatida yong‘in chiqish sababini ma’lum qildi. Vazir Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvda suvosti appratining akkumulyator qismida chiqqan yong‘in Barens dengizidagi fojianing asosiy sababi ekanini aytdi.

Olov boshqa bo‘limlarga ham o‘tgan, ammo yadroviy zaryadlarga ta’sir qilmagan. E’tiborlisi, avval suvosti kemasi yadroviy reaktor bilan jihozlangani rasman aytilmagandi.

“Ushbu apparatdagi yadro energiyasi qurilmasi to‘liq ajratilgan va holi yerda. Qo‘shimcha o‘laroq qurilmaning himoya choralari ko‘rildi, hozirda u ishlatishga yaroqli holatda”, deydi Kreml Shoyguning so‘zlarini keltirib.

Mudofaa idorasi rahbari qisqa vaqtda suvosti apparati tiklanishiga umid bildirgan.

O‘z navbatida Putin Shoyguga suvosti kemasi ekipajini davlat mukofoti bilan taqdirlash bo‘yicha taklif kiritish vazifasini topshirgan.

Ma’lumot uchun, 1 iyul kuni Barens dengizida Rossiya Harbiy-dengiz floti manfaatlariga xizmat qiluvchi chuqur suvosti apparatida yong‘in chiqdi. Keyinroq falokat yuz bergan apparat bu – “Losharik” nomli AS-12 yadroviy suvosti kemasi ekani haqida ma’lumotlar tarqaldi

Shunga qaramay, bugun Sergey Shoygu apparatdagi yadroviy reaktorlarga zarar yetmaganini aytmaguncha, rasmiy ravishda bu haqda hech qanday ma’lumot berilmadi. Halokatda 4-5 kishi omon qolgan bo‘lib, ular ham kuyish jarohati bilan harbiy shifoxonaga yotqizilgan.

Kremlda esa ilmiy-tadqiqot apparatida o‘ta maxfiy izlanishlar olib borilishini aytib, undagi ma’lumotlar ommaga e’lon qilinishi mumkinmasligini ta’kidlashdi.

“Oliy bosh qo‘mondon (Vladimir Putin) barchasidan xabardor. Ammo bu ma’lumotlar ommaga taqdim qilinishi mumkin emas, ular o‘ta maxfiy. Shuning uchun ular ochiqlanmayotgani mutlaqo normal holat”, degan RF Prezidenti Matbuot kotibi Dmitriy Peskov yong‘in bo‘yicha ma’lumotlar davlat siri ekani va keyinchalik ham oshkor qilinmasligini aytib.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Sergey Shoygu

Baholaganlar

73

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing