Kurs UZS

USD

12 970.19

-11.06

EUR

13 572.01

-25.85

RUB

142.20

0.03

Retseptsiz sotiladigan dorilarga nisbatan narx cheklovi bekor qilinadi

Jamiyat

image

2025 yil 1 apreldan cheklangan savdo ustamalari faqat retsept bilan beriladigan dori vositalari toifasiga nisbatan tatbiq etiladi. Bu haqda kecha, 28 yanvar kuni qabul qilingan “Farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmonida so‘z boradi.

Farmonga ko‘ra, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi zimmasiga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatildi:

  • biologik faol qo‘shimchalar va kosmetika mahsulotlari sanoatini rivojlantirish, shu jumladan, bozor kon’yunkturasini o‘rganish, tahlil qilish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, ushbu yo‘nalishdagi soha korxonalariga ilg‘or xorijiy amaliyot va standartlarni tatbiq etishga ko‘maklashish;
  • mahalliy hokimliklar bilan birgalikda hududiy farmatsevtika korxonalarining investitsiya loyihalarini monitoring qilish va hisobini yuritish;
  • farmatsevtika sohasini raqamlashtirish va axborot dasturlarini joriy etish.

2025 yil yakunigacha Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining laboratoriyasi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining dastlabki kvalifikatsiya (prequalification) tartibidan o‘tkaziladi.

2025 yil 1 apreldan:

  • cheklangan savdo ustamalari faqat retsept bilan beriladigan dori vositalari toifasiga nisbatan tatbiq etiladi;
  • bir ishlab chiqaruvchi tomonidan turli savdo nomlari ostida tarkibi bir xil bo‘lgan dori vositalarini ishlab chiqarishda ushbu dori vositalarining barchasiga nisbatan eng past referent narx qo‘llanadi;
  • “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” tomonidan xorijiy valyutada qayd etilgan referent narxlar belgilangan hollarda avtomatik ravishda (tadbirkor murojaatisiz) qayta ko‘rib chiqiladi.

Shuningdek, farmatsevtika sohasidagi startap loyihalarni moliyalashtiradigan venchur jamg‘armasi tashkil etiladi. Farmonga muvofiq, farmatsevtika mahsulotlari eksporti hajmini oshirish maqsadida:

  • mahalliy ishlab chiqarish korxonalarining dori vositalaridan bittasini AQSHning “Food and Drug Administration” (FDA) yoki Yevropa Ittifoqining “European Medicines Agency” (EMA) tashkilotlarida ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarining 100 foizi ular ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risida tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilgandan so‘ng qoplab beriladi;
  • mahalliy ishlab chiqarish korxonalarining farmatsevtika mahsulotlarini xorijiy davlatlarda ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarining 50 foizi ular ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risida tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilgandan so‘ng qoplab beriladi.

Quyidagilar tashkil etiladi:

  • Farmatsevtika sohasining biofarmatsevtika, hujayra texnologiyalari, onkologiya kabi yo‘nalishlaridagi startap loyihalarni moliyalashtiradigan venchur jamg‘armasi;
  • Farmatsevtika tarmog‘ining istiqbolli loyihalari investitsiya jamg‘armasi.

2025 yil 1 iyulgacha 5 ta namunaviy dorivor o‘simliklar plantatsiyalari tashkil etiladi va 2026 yil yakunigacha ushbu plantatsiyalarda yetishtirilgan dorivor o‘simliklarni qayta ishlash loyihalari ishga tushiriladi.

Farmatsevtika korxonalari faoliyatiga ilg‘or standartlarni tatbiq etish bo‘yicha marketing va konsalting xizmatlarini ko‘rsatishga ixtisoslashgan “Pharm Service” davlat muassasasi tashkil etiladi.


Maqola muallifi

Teglar

dori Farmatsevtika retsept

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing