4 kun ichida 200 mingdan ortiq dorining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi

3-sahifa

image

Joriy yilning 28-31 yanvar kunlari Toshkent shahri, Toshkent, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida o‘tkazilgan ko‘p bosqichli tezkor tadbirda yirik miqdordagi dori vositalarining respublika hududiga noqonuniy ravishda olib kirilishi va ichki hududdagi yashirin aylanmasiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Dastlab, poytaxtning Uchtepa tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, oldindan kuzatuvga olingan shaxs boshqaruvidagi yuk avtotransport vositasida hech qanday hujjatlarsiz 32 nomdagi 42 ming 777 dona dori vositalari borligi aniqlandi. Shu kunning o‘zida tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur dori vositalarni qabul qilib olayotgan shaxsning Chirchiq shahridagi xonadoni ham belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi. Natijada, bu yerda ham 26 nomdagi 72 ming 540 dona dori vositalari qonunga xilof tarzda saqlanayotganligi fosh bo‘ldi.

Olib borilgan tezkor tadbirlar davomida mazkur dori vositalarning birinchi manbasi aniqlandi. Ushbu dorilar Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida istiqomat qiluvchi bir nafar shaxs tomonidan chiqarib yuborilgan bo‘lib, tezkor tadbir davomida ushbu shaxs ham qo‘lga olindi. Aniqlanishicha, G‘uzor tumanidan turib ushbu shaxs Toshkent viloyatining Nurafshon shahriga ham dori vositalardan chiqarib yuborgan. Tadbir davomida Nurafshon shahridagi xonadonlarning birida uy bekasi qabul qilib olgan 5 turdagi 11 ming 150 dona dori vositalarini o‘z ixtiyori bilan tezkor tadbir ishtirokchilariga taqdim qildi.

Tezkor tadbir davomida dori vositalarning yana bir katta qismi Buxoro viloyatiga yo‘l olgani aniqlandi. Buxoro shahridagi xonadonlarning birida davom ettirilgan tadbirda 35 nomdagi 89 ming 226 dona dori vositalari aynan shu yerda tushirilgani aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, aslida respublika hududidan tranzit tarzida olib o‘tilishi nazarda tutilgan ushbu dori vositalari muqaddam qonunga xilof tarzda O‘zbekistonga tushirib qoldirilgan.

Shunday qilib, o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida 93 nomdagi jami 204 ming 543 dona dori vositalari ashyoviy dalil sifatida vaqtincha saqlovga olindi. Mazkur dorilarning qiymati bir necha milliard so‘mni tashkil qilmoqda. Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tegishli tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar vazirligi tuzilmalari tomonidan joriy yilning 27-31 yanvar kunlari mamlakat miqyosida “Antiterror-tozalash” keng ko‘lamli tadbirlari o‘tkazilgani va jinoyat ishlari doirasida 169, ma’muriy ishlar doirasida 270 kishi qamoqqa olingani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Buxoro Qashqadaryo Toshkent shahri dori

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing