Respublikachilar qurultoyi yaqinida politsiya bir kishini otib o‘ldirdi
Olam
−
17 iyul
6098AQSHning Miluoki shahrida politsiyachilar respublikachilarning milliy qurultoyi o‘tkaziladigan joydan uch kilometr uzoqlikda shubhali erkakni otib o‘ldirdi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Qayd etilishicha, guvohlar Miluokidagi 14 va Vliet ko‘chalari yaqinida beshta o‘q ovozini eshitgan. Otishmada Kolumbiya shtati politsiya boshqarmasi xodimlari ishtirok etgan. Miluoki meri Kavaler Jonsonning aytishicha, otishmaning Respublikachilar partiyasining shaharda o‘tkazilayotgan qurultoyiga aloqasi yo‘q.
OAV xabarlariga ko‘ra, otishma oqibatida boshpanasiz odam halok bo‘lgan.
"U politsiyaga yaqinlashib, qo‘liga pichoqni olganida, ular unga qarata o‘q otishni boshladi", deydi guvohlardan biri.
Ma’lumot uchun, 13 iyul kuni AQSH prezidentligiga Respublikachilar partiyasidan nomzod Donald Trampga uyushtirilgan suiqasd ortidan Miluokida xavfsizlik choralari kuchaytirildi. O‘q uning o‘ng qulog‘iga tekkan. Miting ishtirokchilaridan biri halok bo‘ldi, ikki nafari yaralandi.
Otishma sodir etgan 20 yoshli Tomas Metyu Kruks sobiq prezident xavfsizligini ta’minlagan AQSH maxfiy xizmati xodimlari tomonidan voqea joyida otib o‘ldirilgan.