Tramp orqasidan cho‘kib borayotgan respublikachilar
Tahlil
−
16 aprel 3819 6 daqiqa
2025 yil AQSH hokimiyati tepasiga ikkinchi bor Donald Tramp kelgandan buyon dunyoda ko‘p narsalar o‘zgardi. “Amerika birinchi” shiori ostida boshlangan yangi davr xalqaro maydonda diplomatik an’analarni parchalab tashlab, global iqtisodiyotni tariflar urushi va geosiyosiy noaniqliklar girdobiga itqitdi. “Amerikani qayta buyuk qilish” harakati esa Trampning o‘ylamasdan qilingan qarorlarini oqlash vositasi bo‘lib qoldi. Dunyo o‘rgangan diplomatiya tugab bormoqda, siyosiy munozaralar muzokara stolidan, ijtimoiy tarmoqlarga ko‘chdi. Dunyo xavfsizligi ham, iqtisodiy holati ham beqaror holda.
Bir paytlar Trampni o‘zlarining xaloskori, Amerika qudratini tiklovchi “siyosiy qahramon” sifatida ko‘rgan millionlab saylovchilar bugun o‘z tanlovlarining achchiq mevasini totishmoqda. 2026 yilning apreliga kelib, nafaqat demokratik shaharlardagi ko‘cha namoyishlari, balki respublikachilarning ichki qo‘rg‘onlarida ham norozilik sadosi baralla yangray boshladi. Eronga qarshi boshlangan harbiy amaliyotlar va mamlakat ichidagi narx-navoning jilovlanmas o‘sishi saylovchilar ishonchini yemirishda davom etyapti.
Oldinda esa oraliq saylovlar turibdi. Respublikachilar partiyasi hozirda o‘z yetakchisining shiddatli, ammo betartib siyosati ortidan jarlikka qarab ketayotgan ulkan karvonga o‘xshaydi. Siyosiy tahlilchilarning bashoratiga ko‘ra, noyabrda bo‘ladigan saylovlar respublikachilar uchun tarixiy mag‘lubiyat va Vakillar palatasidagi ko‘pchilik o‘rinning boy berilishi bilan yakunlanishi ehtimoli yuqori.
“Kimlar yuz o‘giryapti?”
Ikkinchi bor prezidentlik lavozimida turgan Donald Tramp endi saylovchilarning fikri bilan hisoblashmoqchi emas ko‘rinadi. Ma’lumki AQSH Konstitutsiyasiga ko‘ra, bir inson atigi ikki marta prezidentlik lavozimini egallay oladi. Shunday ekan, Trampda qayta saylanish tashvishi yo‘q va shu tufayli jamoatchilik bilan ham hisoblashishni o‘ylamayotgandek go‘yo.

Ammo gap faqat Trampda emas, uning ortida turgan Respublikachilar partiyasi haqida hamdir. Oldinda respublikachilarni katta sinov – AQSH Kongressi tarkibini belgilovchi oraliq saylovlar kutmoqda. Shu yilning 3 noyabr sanasida o‘tkazilishi kutilayotgan saylovlarda qaysi partiyaning g‘alaba qozonishi Amerika qonun chiqaruvchi hokimiyatining taqdirini hal qiladi.
“Jamoat diniy tadqiqotlar instituti” (PRRI – Public Religion Research Institute) va AQSHdagi Emerson kolleji qoshidagi nufuzli ijtimoiy so‘rovnoma va tahlil markazi (Emerson College Polling) tomonidan mart oyida e’lon qilingan so‘nggi tahlillar shuni ko‘rsatadiki, Trampning AQSH ichkarisidagi obro‘si ham so‘nib bormoqda.
PRRI ma’lumotlariga nazar tashlasak, Trampning doimiy qo‘llovchilari — oq tanli yevangelist xristianlar va dindor konservatorlar orasida ham norozi kayfiyat tobora ortib bormoqda. 2025 yil sentyabrida 40% bo‘lgan umumiy qo‘llab-quvvatlov 2026 yil martiga kelib 36 foizga tushib qolgani shunchaki raqam emas, balki kelgusidagi mag‘lubiyatning daragidir. Amerikaliklarning 60 foizdan ortig‘i unga nisbatan salbiy munosabatda ekani, respublikachilarning o‘z ichida ham ma’qullash reytingi 81 foizga pasaygani partiya ichida ham birdamlik yo‘qolayotganidan dalolat. Trampning kutilmagan va keskin qarorlari, ayniqsa federal darajadagi diniy erkinliklar va ijtimoiy siyosatdagi "shok terapiyasi" hatto eng sodiq dindorlarni ham ikkilantirib qo‘ydi.
Vaziyatni yanada og‘irlashtirayotgan omil — Amerikaning Yaqin Sharqdagi yangi harbiy harakatlaridir. “Emerson College Polling” so‘rovlariga ko‘ra respondentlarning (saylovda ishtirok etganlar) 47 foizi AQSHning Eronga qarshi harbiy harakatlariga keskin qarshi chiqmoqda. Atigi 40% aholi bu “urush olovi”ni ma’qullamoqda xolos va katta ehtimol bilan bu ulushda Isroil lobbisining o‘rni ulkan.
Ammo umumiy ko‘rsatkichlar shuni anglatadiki, amerikaliklar "begona tuproqlardagi cheksiz urushlar"dan to‘ygan. Zamonaviy dunyoda qurol kuchiga tayanish tezkor qarshi reaksiyalarga sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa, mustaqil saylovchilar (partiyaviylikdan holi guruh) orasida qo‘llab-quvvatlashning 28 foizga tushib ketishi, 2026-yilgi oraliq saylovlarda respublikachilar uchun "siyosiy qabr" qazilayotganini anglatadi.

Iqtisodiy qiyinchiliklar va narx-navoning oshishi fonida harbiy byudjetning tobora kattalashishi o‘rta qatlamni Trampdan batamom uzoqlashtirdi. Agar respublikachilar rahbariyati ushbu "yuz o‘girish" tendensiyasini vaqtida to‘xtatmasa, noyabr oyidagi saylovlarda partiya nafaqat Kongressdagi ko‘pchilikni boy beradi, balki o‘zining siyosiy brendini ham jarlik yoqasiga olib keladi. Trampning orqasidan “cho‘kayotgan” respublikachilar bugun o‘zlarini qutqarish uchun “kemadan kimni tushirib qoldirish” kerakligini jiddiy o‘ylay boshlagan bo‘lsa ajab emas. Zero, birgina shaxs qilayotgan xatolar sal kam 200 yillik tarixga ega partiyaning obro‘sini butunlay yo‘q qilmasligi kerak.
Nimadir o‘zgaradimi?
Tramp va respublikachilarni nima qutqarishi mumkin? Eron ustidan qozonilgan super-muvaffaqiyatli g‘alaba? Va’da qilingan past narxlar? Ayni damdagi vaziyatni inobatga oladigan bo‘lsak, Vashingtonning bu urushdan mag‘lubiyatsiz chiqishining o‘zi ham aslida bir yutuq. Bunday ulkan xarajatlardan so‘ng esa, narxlarni tushishi ham tezda sodir bo‘ladigan hol emas. Norozilik harakatlarini kuzatar ekanmiz, bir fikr tobora ravshanlashib bormoqda: har qanday chora ko‘rilsa ham Respublikachilar partiyasining kelgusi saylovlarda mag‘lub bo‘lishi ehtimoli yuqori.
Noyabrda kutilayotgan saylovlarda Demokratlar partiyasining Kongressni (Vakillar palatasini ham, Senatni ham) o‘z nazoratiga olish ehtimoli yuqori baholanmoqda. Xo‘sh, Kongress tepasiga demokratlar kelsa, Tramp qanday muammolarga duch keladi?
Eng avvalo, urush vakolatlari masalasi kun tartibidagi eng qaynoq nuqtadir. 2026 yil 28 fevral kuni AQSH va Isroil kuchlarining Eronga qarshi amalga oshirgan keng ko‘lamli havo hujumlari — hatto Eronning oliy rahbari Ali Xomanaiyning o‘limiga sabab bo‘lgan operatsiya — hech qanday Kongress ruxsatisiz amalga oshirildi. 2026 yil 2 martda Tramp Kongressga hisobot topshirgan bo‘lsa-da, u o‘z harakatlarini 1973 yilda qabul qilingan "Urush vakolatlari to‘g‘risidagi rezolyutsiya" doirasida emas, balki Konstitutsiyaning II moddasi – Bosh qo‘mondonlik huquqi bilan oqladi. 4 mart kuni Senatda demokratlar ushbu urushni to‘xtatish bo‘yicha rezolyutsiyani ovozga qo‘yishdi, biroq respublikachilarning 53-47 ko‘rinishidagi ustunligi sababli bu urinish muvaffaqiyatsiz tugadi.
Agar noyabrda demokratlar ko‘pchilik o‘rinni egallasa, Trampning "yagona hukmronlik" davriga yakun yasaladi. AQSH Kongressi — bu shunchaki qonun chiqaruvchi organ emas, u dunyodagi eng kuchli "moliyaviy jilov" hisoblanadi. Demokratlar nazoratidagi Kongress birinchi navbatda, Erondagi harbiy harakatlar va Ukrainaga yordamni to‘xtatish uchun byudjet mablag‘larini bloklashi mumkin. "Hamyon kuchi" orqali ular Trampni muzokaralar stoliga o‘tirishga majbur qilish yoki hech bo‘lmaganda muammolarni chuqurlashib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik demokratlarning asosiy vazifasi bo‘lishi kerak. Shuningdek, 1973-yildagi qonunga binoan, demokratlar prezidentdan 60 kun ichida har qanday ruxsat etilmagan urushni to‘xtatishni talab qiluvchi qat’iy rezolyutsiyalarni qabul qilishlari va bu safar vetoni chetlab o‘tish uchun yetarli ovoz to‘plashga urinishlari mumkin.
2025 yildan buyon Tramp ma’muriyati o‘zining ko‘plab maxfiy operatsiyalari va kadrlar almashinuvini Kongress nazoratidan chetda saqlab kelmoqda. Demokratlar kelishi bilan Oq uyning har bir qarori, ayniqsa 2026-yildagi "josuslik vakolatlari" va immigratsiya reydlari bo‘yicha surishtiruvlar boshlanishi mumkin. Bu esa, Tramp uchun ehtimoliy impichment jarayonlarining yangi to‘lqini deganidir.
Ammo bir narsani unutmaslik kerak. AQSH Eron bilan urushga o‘zi istab kirgani yo‘q. Amerikada Isroilning ulkan ta’sirga ega lobbisi mavjud ekan, hokimiyatga demokratlar keladimi yoki respublikachilar, baribir Yaqin Sharqda Isroil manfaatlariga yo‘naltirilgan harakatlar to‘xtamaydi.
Live
Barchasi