Rasman! Vakillar palatasi nazorati Respublikachilar qo‘liga o‘tdi
Olam
−
17 noyabr 2022
8524Kecha, 16 noyabr kuni Respublikachilar partiyasi Amerika Qo‘shma Shtatlari Kongressining Vakillar palatasida nazoratni o‘rnatish uchun zarur bo‘lgan 218 ta o‘rinni qo‘lga kiritdi. Demokratlar partiyasi esa Senat ustidan nazoratni saqlab qoldi. Respublikachilar Vakillar palatasida kutilganidek “qizil to‘lqinni” yuzaga keltirolmaydi. Ammo, ular Prezident Baydenning qonunchilik g‘oyalarini jilovlay oladi.
“Edison Research” tahlillariga ko‘ra, Respublikachilar Kaliforniyadagi saylov okrugida g‘alaba qozonib, Vakillar palatasidagi o‘rinlari sonini 218 ta yetkazdi. Partiya o‘zi uchun minimal vazifani uddaladi. Saylov oldi tahlillarda ham Respublikachilar hech bo‘lmaganda Vakillar palatasida nazoratni qo‘lga olishi mumkinligi aytilgandi.
Respublikachilar partiyasi rahbari Kevin Makkarti oldida qiyin yo‘l turibdi. Buning ustiga sobiq Prezident Donald Tramp 2024 yilgi saylovlarda ishtirok etishini e’lon qildi. Bu esa Makkarti uchun Demokratlarga qarshi ovozlarni to‘plash uchun muammolarni paydo qiladi.
Respublikachilar partiyasi yetakchisining qayd etishicha, amerikaliklar yangi g‘oyalarga tayyor turibdi.
“Amerikaliklar yangi g‘oyalarga tayyor. Respublikachilar partiyasi esa buni amalga oshirishga qodir", degan Makkarti Twitter sahifasida.
Jo Bayden katta yo‘qotishga qaramay Makkartini tabrikladi va unga Amerika xalqi ular uchun birgalikda ishlashni xohlashini ta’kidladi.
“Amerika xalqi bizdan ular uchun ishlarni qilishimizni xohlaydi”, degan AQSH yetakchisi.
Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining ishonch bildirishicha, Demokratlar Prezidentning qonunchilik kun tartibini qo‘llab-quvvatlashda davom etadilar.
“Demokratlar Prezident Baydenning qonunchilik kun tartibini qo‘llab-quvvatlashda yetakchi rol o‘ynashda davom etadi. Bunga Respublikachilarning kam sonli a’zolariga kuchli ta’sir ko‘rsatish orqali erishiladi”, degan spiker.
Respublikachilar kutgan “qizil to‘lqin” o‘z qirg‘og‘iga yetib kelolmadi. Ammo konservatorlar o‘zlarining g‘oyalariga sodiq qolmoqda.
Respublikachilar Demokratlarning Trampga qarshi ikki marta impichmentga urinishlari uchun qasos sifatida Bayden ma’muriyati rasmiylari va Prezidentning o‘g‘li Xanterning Xitoy va boshqa davlatlar bilan, hatto, Baydenning o‘zi bilan bog‘liq biznes aloqalarini tekshirishga tayyorlanmoqda.
Xalqaro jabhada Respublikachilar Rossiya kuchlariga qarshi kurashayotgan Ukrainaga AQSHning harbiy va iqtisodiy yordamini to‘xtatishga harakat qilishi ham mumkin.
LiveBarchasi