Rekord darajaga yetgan Bitkoin narxi “quladi”

Texnologiya

image

Bitkoinning narxi bugun, 22 fevral kuni rekord darajadagi 58 354 dollarga ko‘tarilganidan so‘ng keskin tushib ketdi, chunki global darajada aksiyalarning sotilishi xavf “ishtaha”sini pasaytirdi. Bu haqda “Reuters” xabar bermoqda.

Nashrga ko‘ra, bir necha kun davomida eng ommabop kriptovalyuta rekord darajaga ko‘tarilib, yil boshidan beri deyarli ikki baravarga o‘sgan va 19 fevral kuni bozor qiymati 1 trillion dollarga yetgan.

Bitkoinning o‘sishi “Tesla Inc” va “Mastercard Inc”dan tortib “BNY Mellon”gacha bo‘lgan yirik sarmoyadorlar va kompaniyalar tomonidan tan olinayotgani bilan bog‘liq.

Xabarga ko‘ra, 22 fevral kuni Bitkoin narxi 6 foizga tushib ketgan va oxirgi marta 4,4 foizga pastroq bo‘lib, 54 941 dollarga tushgan. 

Savdogarlarning fikriga ko‘ra, pasayish asosan texnik hodisa va biron bir yangilik katalizatoriga bog‘liq emas.

Ma’lumot o‘rnida, 2020 yil dekabr oyining ikkinchi yarmidan bitkoin narxi keskin ko‘tarila boshladi. 16 dekabr kuni kriptovalyuta 2017 yildan beri eng yuqori daraja bo‘lib saqlanib kelinayotgan 20 ming dollarlik narxini yangiladi. O‘shandan beri uning narxi faol ravishda o‘sib keldi.

Bitkoin – bu blokcheyn texnologiyasiga asoslangan, shu tizimda ishtirok etuvchi har qanday foydalanuvchi tomonidan “qazib olinishi” (chiqarilishi) mumkin bo‘lgan kriptovalyuta. Buning uchun tizimning yangi bloklarini yaratish kerak bo‘ladi.

Tizimning konsepsiyasi 2008 yil noyabr oyida o‘zini Satoshi Nakamoto deb tanishtirgan muallif (balki, mualliflar jamoasi) tomonidan chop etilgan. Lekin bitkoin mashhurligining eng yuqori darajasi so‘nggi yillarda qayd etilgan. Hozirgi paytga kelib ko‘pgina bitkoinlar allaqachon “qazib olingan” hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Bitkoin

Baholaganlar

215

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing