Reklamaga qo‘yiladigan talablar yetarli emas. Senat yangi qonunni ma’qulladi

Jamiyat

image

Endilikda voyaga yetmaganlar olishi yoki iste’mol qilishi taqiqlangan tovarlarni telekanallarda, voyaga yetmaganlar uchun mo‘ljallangan teleko‘rsatuvlar va radioeshittirishlarda reklama qilish taqiqlanmoqda. Bugun, 17 mart kuni Oliy Majlis Senatida ma’qullangan “Reklama to‘g‘risida”gi qonunda shular haqida belgilab qo‘yilmoqda.

Yangi tahrirdagi “Reklama to‘g‘risida”gi qonunga zarurat shundaki, amaldagi qonunda umumiy tusga ega bo‘lgan va ishlamaydigan normalar mavjud bo‘lib, ular reklama faoliyati bilan bog‘liq munosabatlarni to‘liq qamrab olmagan.

Xususan, reklama faoliyatiga qo‘yiladigan talablarning yetarli emasligi, davlat va nodavlat tashkilotlarining reklama sohasidagi vakolatlari aniq belgilanmaganligi ko‘plab huquqbuzarliklar sodir etilishiga sabab bo‘lmoqda.

Sababi amaldagi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonun 1998 yil 25 dekabrda qabul qilingan bo‘lib, bugungi kunga qadar unga 15 marotaba o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan. Shuningdek, ushbu soha qonundan tashqari yana 3 ta idoraviy hujjat bilan ham tartibga solinmoqda.

Yangi tahrirdagi Qonunga qonunosti hujjatlari normalari ham kiritilib, reklama faoliyatini tartibga soluvchi yaxlit hujjat sifatida aks ettirilgan.

Qonunda reklama beruvchining, reklama tayyorlovchi va tarqatuvchining huquq va majburiyatlari belgilangan. Qayd etilishicha, tashqi reklama va axborot ob’ektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish chizmasi shaharsozlik rejalashtirish hujjatlariga muvofiq bo‘lishi hamda mavjud binolarning tashqi me’moriy qiyofasiga, shaharsozlik normalari va qoidalariga, xavfsizlik talablariga rioya etilishini ta’minlashi kerak.

Xususan, tashqi reklama va axborot ob’ektlarini o‘rnatish chizmasi hamda unga kiritiladigan o‘zgartirishlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining rasmiy saytlarida e’lon qilinishi lozim.

Qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyoti hamda xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda reklamaga qo‘yilgan talablar kuchaytirilib, yangi normalar kiritilmoqda. Jumladan, darsliklar va daftarlarda reklama joylashtirish, reklama narxlarini xorijiy valyutada ko‘rsatish, axloq va ma’naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid keluvchi shakl, ibora, va obrazlardan foydalanish, tovarning asosiy xususiyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni iste’molchidan yashirish taqiqlanmoqda.

Qonunning yana bir muhim jihati voyaga yetmaganlarni reklamadan, xususan uning salbiy ta’siridan himoya qiluvchi va reklamada voyaga yetmaganlar ishtirokini cheklovchi yangi normalar bilan to‘ldirilganidir.

Jumladan, voyaga yetmaganlarni xavfli vaziyatlarda ko‘rsatish, ota-onalar va tarbiyachilarni obro‘sizlantirish, voyaga yetmaganlarning ularga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazish, voyaga yetmaganlar olishi yoki iste’mol qilishi taqiqlangan tovarlarni telekanallarda, voyaga yetmaganlar uchun mo‘ljallangan teleko‘rsatuvlar va radioeshittirishlarda reklama qilish taqiqlanmoqda.

Bundan tashqari, Qonunda dori vositalari reklamasiga qat’iy talablar o‘z aksini topgan. Endilikda taniqli shaxslarning, tibbiyot xodimlarining yoki tashqi ko‘rinishi shifokorlarning tashqi ko‘rinishiga o‘xshash shaxslarning ishtirokidan foydalanish taqiqlanadi.

Senatorlar muhokamada Qonunda bayon etilgan ayrim moddalarning hayotga tatbiq etilishi bilan bog‘liq jarayonlarga ham e’tibor qaratdi. Xususan, ayrim turdagi reklama vositalari orqali reklama tarqatishning o‘ziga xos xususiyatlari, jumladan, televideniye, radio, bosma OAV, telekommunikatsiya tarmoqlari va Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatiladigan reklamaga qo‘yiladigan talablar birma-bir ko‘rib chiqildi.

Telekanallar efirida tarqatilayotgan reklamaning umumiy davomiyligi ko‘rsatuv vaqtining bir soati davomida yigirma foizdan, biroq bir sutkada ko‘rsatuv vaqtining o‘n besh foizidan oshishi mumkin emas. Davomiyligi o‘n daqiqadan kam bo‘lgan teleko‘rsatuvlarni reklama bilan uzib qo‘yishga va reklama bilan birga namoyish etishga yo‘l qo‘yilmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

reklama

Baholaganlar

51

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing