Raqobat qo‘mitasi “mo‘’jizakor” damlamalar bo‘yicha ogohlantirish bilan chiqdi
Jamiyat
−
21 noyabr
4511Biologik faol qo‘shimchalar, malhamlar, surtmalar, balzamlar, damlamalar va suvlarning “ming bir xastalikka davo” sifatida ko‘rsatilishi, shuningdek “mo‘’jizakor” ta’siri haqida reklamasi fojiali holatlarga sabab bo‘lmoqda. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ogohlantirish bilan chiqdi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar va Telegram messenjerida tashkil etilgan guruh va kanallar orqali ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalar, malhamlar, surtmalar, balzamlar, damlamalar, suvlarning tibbiyotda davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarni davolash va oldini olishda (profilaktikada) eng maqbul va samarali vosita ko‘rinishida targ‘ibot qilish kuchaymoqda.
Bunda ushbu mahsulotlarning reklamasi “ming bir xastalikka davo” sifatida, “mo‘’jizakor” ta’siri haqida iste’molchilarni chalg‘itadigan yolg‘on yoki noaniq, bo‘rttiruvchi iboralar asosida joylashtirilishi, taniqli shaxslar va jamoat arboblari tomonidan mazkur mahsulotlarni tavsiya qilinishi, davolashda foydalanganliklari, ta’sir doirasi va terapevtik samaradorligi haqida fikrlar bildirilishi iste’molchilarning rejali (an’anaviy) davolashdan voz kechib, o‘z-o‘zini davolash usullarini keng qo‘llanilishiga, hattoki fojiali holatlarga sabab bo‘lmoqda.
Ayniqsa, reklama lavhalarida fuqarolarning diniy tuyg‘ularidan foydalangan holda dalil sifatida diniy blogerlarning suratlari, ular ishtirokidagi video va audio lavhalardan foydalanilib (muayyan bir savdo belgisi aniq gapirmagan bo‘lsa-da), davolash uchun tavsiyalar va ko‘rsatmalar berish orqali iste’molchilarda mahsulotlarga nisbatan bo‘lgan ishonchni sun’iy ravishda oshirilishiga va pirovardida noto‘g‘ri xulosa chiqarilishiga olib kelmoqda.
"Achinarlisi, bunday mahsulotlarni diniy blogerlar tomonidan bevosita reklama qilinishi iste’molchilarni chalg‘itib, ularda ushbu mahsulotlarni dori vositasi va davolash xususiyatiga ega ekanligi haqida yanglish fikrlar shakllanishiga hamda ularni iste’mol qilinishiga undamoqda", deyiladi xabarda.
O‘z navbatida, qo‘mitaga reklamalarga ishonib, aynan shu kabi mahsulotlarni sotib olgan, biroq ularni iste’moli oqibatida sog‘ligi yanada yomonlashganligi to‘g‘risida fuqarolardan ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida BFQlar bo‘yicha 1 mingtaga yaqin murojaatlar ko‘rib chiqilib, iste’molchilarga 118 mln so‘m moddiy zararlar qoplanishi ta’minlangan.
Ma’lumot uchun, “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 35-moddasida ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalarning va oziq-ovqat qo‘shimchalarining reklamasiga doir talablar belgilangan.
Unga ko‘ra:
- ular dori vositalari hisoblanadi va (yoki) davolash xossalariga ega degan taassurotni uyg‘otmasligi;
- ularni qo‘llash natijasida odamlar davolanganligi, ularning ahvoli yaxshilanganligiga doir muayyan hollarga havolalarni o‘z ichiga olmasligi;
- ularning qo‘llanilganligi munosabati bilan jismoniy shaxslar tomonidan bildirilgan minnatdorchilik izhorini o‘z ichiga olmasligi;
- sog‘lom ovqatlanishni rad etishga undamasligi;
- ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalarning va oziq-ovqat qo‘shimchalarining tadqiqotlar o‘tkazilganligi, davlat ro‘yxatiga olinganligi to‘g‘risidagi faktlarga havolalar qilish, shuningdek boshqa tadqiqotlar natijalaridan ularni qo‘llash uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri tavsiya shaklida foydalanish orqali dori vositalariga nisbatan afzalliklari haqidagi taassurotni yuzaga keltirmasligi;
- har bir holda reklama ob’ekti dori vositasi emasligi to‘g‘risidagi ogohlantirish bilan birga berilishi kerakligi belgilangan.
Qonunning 47-moddasiga asosan, biologik faol va oziq-ovqat qo‘shimchalari reklamasiga doir talablarni buzganlik bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
"Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Raqobat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi “Reklama to‘g‘risida”gi qonuniga asosan noaniqligi ,bir xil ma’noli bo‘lmagani, bo‘rttirib yuborilishi, yashirib ketilishi, tarqatilish vaqti, joyi va usuliga nisbatan talablarning hamda qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa talablarning buzilishi oqibatida reklamadan foydalanuvchilarni chalg‘itadigan yoki chalg‘itishi mumkin bo‘lgan, yuridik va jismoniy shaxslarga, shuningdek jamiyat hamda davlat manfaatlariga moddiy zarar va ma’naviy ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan reklama noto‘g‘ri (insofsiz, bila turib yolg‘on) reklama ekani haqida eslatadi hamda bunday reklamani tarqatish qonunchilikka binoan javobgarlikka asos bo‘lishi haqida ogohlantiradi", deyiladi qo‘mita bayonotida.
LiveBarchasi