Reklama tarqatishda davlat tili talabini buzganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda
Jamiyat
−
30 Oktabr 2023
3336O‘zbekistonda reklama materiallarini tayyorlash, e’lon qilish va tarqatishda davlat tiliga oid talablarga amal qilmaslik uchun javobgarlikni belgilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasining “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida aytib o‘tilgan.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining 1994 yil 22 sentyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksining 178-1-moddaning ikkinchi qismi “reklama tarqatishda davlat tiliga doir talablarga amal qilmaganlik” degan so‘zlar bilan to‘ldirilishi bildirilgan.
Ushbu qonun loyihasi regulation.gov.uz portaliga 10 noyabrga qadar muhokamaga qo‘yilgan. Agar qonun muhokamadan o‘tsa, rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
Ma’lumot uchun, fuqarolar va mansabdor shaxslar tomonidan noto‘g‘ri reklama berganlik, tashqi reklamani joylashtirish tartibiga rioya qilmaganlik yoki aksilreklama berishdan bosh tortganlik, xuddi shuningdek reklama qilinishi qonunchilik bilan taqiqlangan mahsulotni reklama qilganlik bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yetti baravarigacha (1 million 650 mingdan 2 million 310 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq dipfeyk (neyron tarmoqlardan foydalangan holda yaratilgan foto, audio va video materiallarni asliga almashtirish) uchun jazo choralari kuchaytirilishi bildirilgandi.
LiveBarchasi