Referendumni rasman o‘tgan, deb hisoblash mumkin – MSK

Jamiyat

O‘zbekistonda konstitutsiyaviy referendumni rasman o‘tgan, deb hisoblash mumkin. Lekin yakuniy xulosa ovoz berish natijalaridan kelib chiqqan holda beriladi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi matbuot markazida bo‘lib o‘tgan brifing davomida Komissiya raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov ma’lum qildi.

“O‘zbekiston Respublikasi referendumi to‘g‘risida”gi qonunning 38-moddasida belgilangan qoidaga muvofiq referendumga ovoz beruvchi fuqarolar ro‘yxatiga kiritilganlarning kamida yarmi ishtirok etgan bo‘lsa, referendum o‘tgan, deb topiladi”, dedi Qo‘chqorov.

Uning aytishicha, soat 13:00 ga qadar 12 mln 83 ming 105 nafari O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, umumiy saylovchilarning 62,24 foizi yangi Konstitutsiyani qabul qilish bo‘yicha referendumda ovoz bergan.

“Avval ma’lum qilganimizdek, referendumda ovoz beruvchilar ro‘yxatiga 19 mln 722 ming 827 nafar fuqaro kiritilgan. O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazuvchi uchastka va okrug komissiyalari ma’lumotlariga e’tibor qaratsak, soat 13:00 ga qadar 12 mln 83 ming 105 nafari O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari yoki umumiy saylovchilarning 62,24 foizi ovoz bergan. Ushbu raqamlar Saylov Komissiyasi tomonidan joriy referendumni o‘tgan deb hisoblashga asos bo‘ladi”, deya ta’kidladi MSK raisi o‘rinbosari.

Bahrom Qo‘chqorovning aytishicha, yakuniy xulosa ovoz berish tugaganidan keyin beriladi.

“Ovoz berish jarayonlarida qonun talablariga to‘liq rioya etilishini Markaziy Saylov Komissiyasi nazorat qilib bormoqda”, dedi Komissiya raisi o‘rinbosari.


Maqola muallifi

Teglar

Referendum ovoz berish natijalari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing