Referendum bo‘yicha sudlarga hech qanday shikoyat kelib tushmagani aytildi
Jamiyat
−
01 may 2023
2484Referendumni tashkil qilish, uni o‘tkazish vaqtida mansabdor shaxslar, siyosiy partiyalar yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari yoki referendum komissiyalari a’zolari tomonidan yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilish holatlari yuzasidan fuqarolar tomonidan sudlarga hech qanday shikoyat kelib tushmagan. Bu haqda, bugun, 1 may kuni Markaziy saylov komissiyasi matbuot markazida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Oliy sud raisi o‘rinbosari Halilullo To‘raxo‘jayev ma’lum qildi.
“Ovoz berishning yashirinligini buzish, referendum hujjatlarini qalbakilashtirish, imzo varaqalariga soxta yozuvlar kiritish, berilgan ovozlarni ataylab noto‘g‘ri hisoblash, fuqarolarning referendumda erkin ishtirok etishlariga zo‘rlik ishlatish, qo‘rqitish, aldash yoki og‘dirib olish yo‘li bilan to‘sqinlik qilish bilan bog‘liq jinoyat ishlari ham sudlarning ish yurituviga kelib tushmadi”, dedi Oliy sud raisi o‘rinbosari.
Shuningdek, referendumga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlari boshlanganidan bugungi kunga qadar referendumni tashkil etish hamda o‘tkazish, jumladan, referendum o‘tkazuvchi komissiyalarning faoliyatiga aralashish, ularning ishiga to‘siqlarni yuzaga keltirish kabi holatlar ham aniqlanmagan. Referendum o‘tkazuvchi komissiyalarning qarorlarini ijro etmaslik, ularning murojaatlarini ko‘rib chiqishni g‘ayrihuquqiy ravishda rad etish, ularni ko‘rib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarlik ishlari esa sudlarga kelib tushmagan.
“Ayni paytga qadar referendumga qo‘yilgan masalalar yuzasidan tashviqot olib borish shartlari va tartibini buzish, referendumga tayyorgarlik ko‘rish va referendum o‘tkazish jarayonida axborot hamda tashviqot materiallarini qasddan yo‘q qilib yuborish yoki ularga qasddan shikast yetkazish bilan bog‘liq bo‘lgan qoidabuzarlik uchun biron-bir shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilmagan”, dedi Oliy sud vakili.
Bundan tashqari, fuqarolar tomonidan referendum o‘tkazuvchi komissiyalariga huquqlari buzilganligi to‘g‘risidagi murojaatlariga berilgan javoblaridan norozi bo‘lib sudlarga ariza (shikoyat) keltirilmagan.
“Ma’muriy sudlarga referendum o‘tkazuvchi komissiyalarning xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan, jumladan, ovoz beruvchi fuqarolar ro‘yxatidagi xato yoki noaniqlik to‘g‘risida shikoyatlar kelib tushmadi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan sudga murojaat qilishmagan”, deya ma’lumot berdi u.
Qolaversa, 19-26 aprelda bo‘lib o‘tgan muddatidan oldin ovoz berish jarayoni bo‘yicha ham sudga nizoli holatlar to‘g‘risida murojaatlar kelib tushmagani ma’lum qilindi.
LiveBarchasi