“Real” Pogba transferi uchun Rayolaning “og‘zini moylamoqchi”
Sport
−
16 Oktabr 2021
2563Ispaniyaning “Real Madrid” klubi “Manchester Yunayted” va Fransiya terma jamoasi yarim himoyachisi Pol Pogbaga yiliga 14 million yevrolik maosh bilan shartnoma taklif qilishga tayyor. Bu haqda Ispaniyaning ABC nashri xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Qirollik klubi” Pogba va uning agenti Mino Rayolaga 30 million yevro miqdorida bonus to‘lashga tayyor. Shuningdek, “Manchester Yunayted” ham fransiyalik yarim himoyachi bilan shartnomani uzaytirishga umid qilmoqda. Jamoa Pogbaga yiliga 20 million yevro maosh va 5 yillik shartnoma taklif qilmoqchi.
Avvalroq, ESPN nashri Pogba 2022 yilning yozida erkin agent sifatida “Barselona”ga o‘tishi mumkinligi haqida xabar bergandi. Biroq, Kataloniya klubi futbolchining maoshi yuqori bo‘lgani uchun shartnoma imzolay olmaydi.
Ma’lumot uchun, Pogba 28 yoshda va 2016 yildan buyon “Qizil iblislar” safida o‘ynab kelmoqda. Shu paytga qadar ingliz klubi tarkibida 215 o‘yin o‘tkazib, 38 gol va 49 golli uzatmani amalga oshirgan. Fransiya terma jamoasi tarkibida 2018 yil Jahon chempioni bo‘lgan va 2016 yilda Yevropa chempionati kumush medalini qo‘lga kiritgan. Shuningdek, joriy yil Millatlar Ligasida g‘olib bo‘ldi.
Pol Pogba terma jamoasi safida 89 ta o‘yinda maydonga tushgan va 11 marta raqiblar darvozasini ishg‘ol etib, 8 golga assistentlik qilgan.
LiveBarchasi