“Real” Olise bo‘yicha muzokaralar olib bormaganini aytdi

Sport

image

“Real Madrid” jamoasi “Bavariya” futbolchisi Maykl Olise transferi bo‘yicha muzokaralar olib borilayotgani haqidagi xabarlarni inkor qildi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.

Avvalroq, Ispaniya OAVlari “Real Madrid”ning fransiyalik vingerga qiziqish bildirayotgani haqida xabar tarqatgan edi. Jumladan, “Marca” nashri “qirollik klubi” futbolchi uchun 220 million yevrogacha mablag‘ to‘lashga tayyorlanayotganini yozgandi.

“Turli ommaviy axborot vositalarida klubimizning “Bavariya” futbolchisi Maykl Olisega qiziqishi haqida tarqalgan xabarlarga munosabat bildirib, “Real Madrid” shuni ma’lum qiladiki, klub hozirga qadar mazkur futbolchi, uning vakillari yoki unga yaqin shaxslar bilan hech qanday to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita aloqa o‘rnatmagan”, deyiladi madridliklar bayonotida.

Shuningdek, klub “Bavariya” bilan ko‘p yillik o‘zaro hurmat, hamkorlik va ishonchga asoslangan munosabatlarga ega ekanini ta’kidlab, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan mish-mishlar tarqatilayotganidan afsus bildirgan.

“Real Madrid”ning qayd etishicha, har qanday ehtimoliy transferga qiziqish avvalo klublar o‘rtasida muhokama qilinishi lozim.

Ma’lumot uchun, 24 yoshli Maykl Olise 2024 yilning iyul oyida Angliyaning “Kristal Pelas” klubidan “Bavariya” safiga qo‘shilgan. O‘tgan mavsumda u myunxenliklar tarkibida 52 ta uchrashuvda maydonga tushib, 22 ta gol muallifi bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

“Real Madrid” “Bavariya” Maykl Olise

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing