“Real Madrid” ham ayanchli mag‘lubiyatga uchrab, YCHLni tark etdi
Sport
−
16 aprel 4957 2 daqiqa
UEFA Chempionlar ligasi chorak finali doirasida “Bavariya” o‘z uyida Madridning “Real” klubini qabul qilib, undan 4:3 hisobida ustun keldi va qirollik klubini musobaqadan chiqarib yubordi.
Mehmonlar uchrashuvni tezkor gol bilan boshlagan. Manuel Noyerning qo‘pol xatosini Arda Gyuler kechirmadi. Turkiyalik futbolchi to‘pni uzoq masofadan bo‘sh darvozaga joylab qo‘ydi. Javob ham o‘zini uzoq kuttirmadi. Oradan 5 daqiqa o‘tib Aleksandr Pavlovich burchakdan uzatilgan to‘pni boshi bilan darvozaga yo‘llab, muvozanatni tikladi.
29-daqiqada Arda Gyuler jarima zarbasidan chiroyli gol kiritib, dublni rasmiylashtirdi. 38-daqiqada esa maydon egalari yana hisobni tenglashtirdi. Bu safar Harri Keyn katta sahnaga chiqdi. Birinchi taym oxirida qarshi hujumdan unumli foydalangan madridliklar yana oldinga o‘tib olishdi. Kilian Mbappe Vinisiusning pasini golga aylantirdi.
Ikkinchi taymning 86-daqiqasida zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Eduardo Kamavinga ikkinchi sariq kartochkasini olib, maydonni tark etdi. 10 kishi bo‘lib qolgan mehmonlar 89 va 94-daqiqalarda ikkita gol o‘tkazib yubordi. Luis Dias va Maykl Olise o‘z hisobiga gol yozib qo‘ydi. Uchrashuv so‘ngida hakam Arda Gyulerga qizil kartochka ko‘rsatib, maydondan chetlatdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq UEFA Chempionlar Ligasining chorak finalidan o‘rin olgan “Atletiko Madrid” va “Barselona” jamoalari o‘rtasidagi javob uchrashuvda kataloniyaliklar 2:1 hisobida g‘alaba qozongandi, biroq dastlabki o‘yinda “Atletiko”ning qo‘li baland kelgani (2:0) sababli Madrid klubi keyingi bosqichga yo‘l olgan.
Live
Barchasi