“Real” futbolchisini terma jamoasiga berishni istamayapti
Sport
−
12 Sentabr 2025 8769 2 daqiqa
Argentina terma jamoasi va Ispaniyaning “Real Madrid” klubi futbolchisi Franko Mastantuono shu yilning sentyabr oyida bo‘lib o‘tadigan U-20 Jahon chempionatida ishtirok etish istagini bildirgan. “Real Madrid” esa o‘z futbolchisini kichik mundialga qo‘yib yuborish istagida emas. Bu haqda “El Chiringuito” xabar berdi.
Mastantuono uchun ushbu kichik mundial o‘z yurtini jahon miqyosida namoyish etish imkoniyati bo‘lgani uchun futbolchida katta qiziqish uyg‘otmoqda, biroq U-20 Jahon chempionati FIFA kunlaridan tashqarida bo‘lgani sababli bu “Real Madrid” uchun jiddiy muammolar kelib chiqarishi mumkin.
2025 yilgi U-20 Jahon chempionati 27 sentyabrdan 19 oktyabrgacha Chilida bo‘lib o‘tadi. Argentina terma jamoasi Italiya, Avstraliya va Kuba bilan birgalikda “D” guruhidan joy olgan. Ularning ilk uchrashuvi 28 sentyabr kuni Kubaga qarshi bo‘lib o‘tadi, so‘ngra 1 oktyabrda Avstraliya va 4 oktyabrda Italiya bilan to‘qnash keladi.
Agar Argentina finalgacha yetib borsa, Mastantuono “Real Madrid” safida 7 ta muhim o‘yinni o‘tkazib yuborishi mumkin. Ular orasida “Atletiko Madrid”ga qarshi derbi, Chempionlar ligasidagi “Qayrat” bilan bahs va La Liganing “Vilyarreal”ga qarshi uchrashuvi bor. Shuningdek, turnir oldi tayyorgarlik davrida ham u “Marsel”ga qarshi Chempionlar ligasi uchrashuvi hamda “Espanol” bilan Liga o‘yinida maydonga tusha olmasligi mumkin.
Turnir pley-off bosqichi 7 oktyabrdan boshlanadi. Demak, agar Argentina yuqori bosqichlarga chiqsa, Mastantuono kamida oktyabr o‘rtalarigacha “Real” safida ko‘rinmasligi ehtimoldan xoli emas.
Shu bilan birga, futbolchining xalqaro musobaqada ishtiroki bo‘yicha so‘nggi qarorni “Real Madrid”ning o‘zi qabul qiladi. Mastantuono jamoaning joriy mavsumdagi muhim loyihasida asosiy figuraga aylangani bois, klub uni xalqaro turnirga qo‘yib yubormaslikka ham qaror qilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil fevral oyida Farhod Nishonov qo‘l ostidagi O‘zbekiston U-20 terma jamoasi Xitoyda bo‘lib o‘tagan Osiyo kubogi chorak final bahsida Janubiy Koreyaga penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘lib, jahon chempionati yo‘llanmasidan mosuvo bo‘lgan edi.
Live
Barchasi