Ravon eksporti to‘xtaydi. O‘rniga “Chevrolet”ning standartlarga javob berishi aniqlandi
Jamiyat
−
17 fevral 2020
12496Joriy yilning mart oyidan boshlab Rossiya, Qozog‘iston va Belarussiyada Chevrolet brendi ostida Spark, Nexia va Cobalt mashinalari sotuvga chiqariladi. Bu haqda "UzAuto Motors" kompaniyasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bundan buyon "UzAuto Motors" O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan Chevrolet modellarining Rossiya, Qozog‘iston va Belarussiyada distribyutsiyasini o‘zi boshqaradi. Dilerlik tarmog‘i mavjud “General Motors” Rossiya dilerlari, Ravon dilerlarining bir qismi va Chevrolet vakolatli servis markazlari asosida, ularning geografik joylashuvi va Chevrolet brendi standartlariga muvofiqlik darajasini hisobga olgan holda yaratilgan.
Qayd etilishicha, yagona brend ostida ishlash O‘zbekistonda avtomobil sanoatini yanada rivojlantirish va eksport bozorlarida sotishning yangi imkoniyatlarini ochib beradi.
Shu bilan birga, “General Motors” Rossiya vakolatli xizmat ko‘rsatish markazlari 2015 yilning oxiriga qadar Rossiyada GM/Chevrolet dilerlaridan avtomobil sotib olgan mijozlarga ham xizmat ko‘rsatishni davom ettiradi.
Shuningdek, Ravon avtoulovlarini xarid qilgan mijozlar uchun ham "UzAuto Motors" o‘zining vakolatli servislarida xizmatlarni davom ettiradi.
Kompaniyaning ma’lum qilishicha "General Motors" kompaniyasi O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar belgilangan standartlarga to‘liq javob berganligi uchun "Chevrolet" brendi ostida sotishga ruxsat bergan.
“UzAuto Motors” tomonidan ishlab chiqarilgan Chevrolet Spark, Nexia va Cobalt avtomobillarini xarid qilgan mijozlar uchun kafolatlar, shuningdek, barcha xizmat va UzAuto Motors kompaniyasi tomonidan o‘zining dilerlik tarmog‘i orqali taqdim etiladigan ehtiyot qismlarni sotib olish imkoniyati saqlanib qoladi.
Rossiya va MDH mamlakatlarida Ravon brendi ostida avtomobillar savdosi 2020 yilning o‘rtalariga kelib to‘xtaydi.
https://telegra.ph/UzAuto-Motors-ehksport-bozorlarida-avtomobillarni-Chevrolet-brendi-ostida-sotishni-boshlamo%D2%9Bda-02-17-2
LiveBarchasi
AQSH dollarining rasmiy kursi pasaydi.
27 dekabr