Rasmiy Toshkent Qozog‘istonda qolayotgan o‘zbekistonliklarga murojaat bilan chiqdi
Jamiyat
−
12 yanvar 2023
6176O‘zbekistonning Qozog‘istonda bo‘lib turgan fuqarolariga ob-havo sharoiti barqarorlashgunga qadar Qozog‘iston hududi bo‘ylab avtotransport vositalari va avtobus qatnovi orqali harakatlanishdan voz kechishlari tavsiya qilinmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining bayonotida aytilgan.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasining Qozog‘iston Respublikasidagi diplomatik vakolatxonalari ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu mamlakatning barcha hududlarida noqulay ob-havo kuzatilayotgani bois avtotrassalarda kuchli sovuq tufayli qiyin vaziyatga tushib qolayotgan fuqarolardan murojaatlar tez-tez kelib tushmoqda.
“Diplomatik vakolatxonalarimiz Qozog‘iston Respublikasidagi vatandoshlarimiz hamda ushbu mamlakat tegishli idoralari bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi. Fuqarolarga zarur konsullik, huquqiy va amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, O‘zbekiston fuqarolariga ob-havo sharoiti barqarorlashgunga qadar Qozog‘iston hududi bo‘ylab avtotransport vositalari va avtobus qatnovi orqali harakatlanishdan voz kechishlarini tavsiya qilamiz”, deyiladi TIV axborotida.
Qozog‘istonda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari mamlakatning Ostona shahridagi elchixonasiga (+717 2954252), Olma-ota (+7273902616) va Aqtau (+77292777117) shaharlaridagi Bosh konsulxonalariga murojaat qilishlari mumkinligi eslatilgan.
Avvalroq Qozog‘istonda noqulay ob-havo sababli ichida 70 ga yaqin o‘zbekistonlik bo‘lgan ikki avtobus yo‘lda qolib ketgani haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi