Rasmiy Toshkent Blinkenning O‘zbekistonga kelayotganini tasdiqladi
Jamiyat
−
24 fevral 2023
9517
Avvalroq, AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken O‘zbekistonga tashrif buyurayotgani haqida xabar bergan edik. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Blinkenning Toshkentga safarini tasdiqladi. Ma’lum qilinishicha, safar 28 fevral – 1 mart kunlariga rejalashtirilgan.
“Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat kotibi Entoni Blinken 2023 yil 28 fevral – 1 mart kunlari Toshkent shahriga tashrif buyuradi. Tashrifning asosiy maqsadi O‘zbekiston-AQSH strategik sherikligini yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdan iboratdir”, deyiladi rasmiy Toshkent xabarida.
AQSH Davlat departamenti Matbuot xizmati rahabari Ned Prays bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Entoni Bilinken joriy yilning 28 fevralidan 3 martigacha Qozog‘iston, O‘zbekiston va Hindistonga tashrif buyuradi.
Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida Amerika diplomatiyasi rahbari Markaziy Osiyoning beshta davlati (Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston) va AQSH o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik mexanizmi bo‘lgan formatdagi vazirlar uchrashuvida ishtirok etadi.
1 mart kuni Blinken Nyu-Dehliga uchadi va u yerda G20 davlatlari tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida ishtirok etadi.
Ma’lumot uchun, bu Entoni Blinkenning davlat kotibi lavozimiga tayinlanganidan beri O‘zbekistonga ilk tashrifi. U Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashishi kutilmoqda.