Rasmiy Qobul “Tolibon”ning “soya gubernatori” o‘ldirilganini e’lon qildi

Olam

image

Afg‘oniston harbiylari Respublikaning janubi-g‘arbidagi Nimro‘z viloyatida “Tolibon”ning “soya gubernatori” hisoblangan Abid Mavlaviyni yo‘q qilganini e’lon qildi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda. 

Afg‘oniston armiyasining 215-korpusining ma’lumotiga ko‘ra, u 275 jangari bilan birga Harbiy havo kuchlari operatsiyasida halok bo‘lgan. O‘z navbatida, “Tolibon” vakili Qori Yusuf Ahmadiy bu ma’lumotni “RIA Novosti” agentligiga rad etgan. 

Ma’lumot o‘rnida, kecha, 6 avgust kuni “Tolibon” harakati jangarilari Afg‘oniston janubi-g‘arbidagi Nimro‘z viloyati markazi Zaranj shahrini egallab olgani ma’lum bo‘ldi. Qayd etilishicha, jangarilar shahar aeroporti va hukumat idoralarini ham bosib olgan.  

“Tolibon” rasmiylari ma’lumotlariga ko‘ra, guruh a’zolari gubernatorning uyini, politsiya qarorgohini, razvedka va unga tegishli binolarni bosib olgan.

Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik

Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi. 

Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, ItaliyaAvstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Tolibon

Baholaganlar

123

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing