Rasman: JSST Tojikistonda yangi virus tarqalganidan ogohlantirmoqda
Olam
−
24 mart 2021
24716Tojikistonda o‘tkir yuqumli poliomiyelit kasalligi tarqalmoqda. Bu haqda Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti alohida rasmiy bayonot bilan chiqdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 18 mart holatiga ko‘ra, asab sistemasini falaj qiladigan xastalik hozirgacha 4 nafar bolada aniqlangan, bemorlar polivirusga(sPVVP2) uchragan.
8 mart kuni JSST aniqlangan holatlar haqida ma’lumotlarni o‘rganib chiqib, mamlakatda vaziyatni ikkinchi darajadagi favqulodda holat sifatida tasniflagan.
Ta’kidlanishicha, sPVVP2 birinchi holati o‘tgan yil 22 noyabrda (o‘tkir falaj (OVP) boshlanishi bilan kuzatilgan) Xatlon viloyatida aniqlangan va Pokistonda aylanib yurgan virus turi bilan bog‘liq.
Ikkinchisi esa shu yilning fevral oyida Xatlon viloyatida OVP alomatlari bo‘lgan bolada falaj holati tasdiqlangan. 8 mart kuni Hisor shahrida bolada falajning yana ikki holati aniqlangan.
Bundan tashqari, Dushanbedagi yangi tashkil etilgan epidemnazorat punktida uchta namunada ham sPVVP2 aniqlangan.
JSSTning bayonotida aytilishicha, mamlakatda yuqumli kasallik bilan bog‘liq holatlarni tekshirish ishlari olib borilmoqda.
2021 yil fevral oyida mamlakatda inaktiv poliovirus vaksinasi (IPV) yordamida umummilliy emlash kampaniyasi yakunlangandi.
Poliomiyelit – o‘tkir yuqumli kasallik bo‘lib, bunda markaziy nerv tizimi zararlanadi. Falaj bilan yoki falajsiz kechadi. Xastalik, ayniqsa, bolalar o‘rtasida keng tarqalgan.
LiveBarchasi