Rasman! Yuridik shaxslar uchun ham “svet” va gaz narxi oshmaydigan bo‘ldi
Jamiyat
−
15 iyul 2022
9747Xabaringiz bor, joriy yilning 15 iyulidan O‘zbekistonda yuridik shaxslar uchun energoresurslar narxi oshishi kutilayotgandi. Biroq yuridik shaxslar uchun ham elektr va gaz narxini oshirish vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda Hukumatning “Vazirlar Mahkamasining yoqilg‘i-energetika resurslari ta’minotida bozor mexanizmlarini joriy etish to‘g‘risida” 2022 yil 30 iyundagi 348-son qarorining amal qilishini vaqtincha to‘xtatib turish haqida”gi qarorida so‘z boradi.
Aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’ektlarini yoqilg‘i-energetika resurslari bilan ishonchli tarzda ta’minlash hamda narx shakllanishini bosqichma-bosqich bozor tamoyillariga o‘tkazish ishlarini puxta tahlil qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi “Yoqilg‘i-energetika resurslari ta’minotida bozor mexanizmlarini joriy etish to‘g‘risida” 2022 yil 30 iyundagi 348-son qarorining amal qilishi vaqtincha to‘xtatib turishga qaror qilgan.
Eslatib o‘tamiz, energoresurslar uchun narxlarni erkinlashtirish to‘g‘risidagi Hukumat qarori loyihasi bilan 2022 yil 15 iyuldan boshlab:
Elektr energiyasi bo‘yicha:
• aholi uchun 1 kVt soat elektr energiyasi narxi o‘zgarishsiz, ya’ni – 295 so‘m;
• 1 kVt soat elektr energiyasi Navoiy KMK, Olmaliq KMK va byudjet tashkilotlari uchun – 800 so‘m hamda qolgan yuridik shaxslar uchun – 600 so‘m.
Tabiiy gaz bo‘yicha:
• aholi uchun 1 kub m tabiiy gaz iste’moli narxi o‘zgarishsiz, ya’ni – 380 so‘m;
• 1 kub m tabiiy gaz Navoiy KMK, Olmaliq KMK va byudjet tashkilotlari uchun – 1 300 so‘m, avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalari uchun – 1 150 so‘m, issiqlik elektr stansiyalari uchun – 1 000 so‘m hamda qolgan yuridik shaxslar uchun – 1 100 so‘m.
Suyultirilgan gaz narxi esa aholi uchun o‘zgarishsiz, ya’ni – 1 120 so‘m miqdorida belgilanishi nazarda tutilgandi.
Joriy yilning 15 iyun kuni mazkur qaror loyihasining muhokama jarayonlari yakunlangan va 1 100 dan ortiq taklif va e’tirozlar kelib tushgani ma’lum qilingandi. Shu sababdan energoresurslar uchun narxlarni dastlab yuridik shaxslar uchun erkinlashtirishga qaror qilingandi.