Rasman: Yevropa Superligasi loyihasi tugadi
Sport
−
19:50 557 2 daqiqa
Yevropa Superligasi deb atalgan loyiha endi mavjud emas. Bu haqda Madridning “Real” klubi rasmiy saytida bayonot e’lon qildi.
Klub matbuot xizmatining xabar berishicha, “qaymoqranglar” UEFA va Yevropa klublari assotsiatsiyasi bilan bir necha oy davom etgan muzokaralar yakunida kelishuvga erishgan. Tomonlar klub futboli manfaatlarini ta’minlaydigan va sport prinsiplariga asoslangan tamoyillarni hurmat qiladigan, shuningdek klublarning uzoq muddatli barqarorligi hamda muxlislar uchun sharoitlarni yaxshilashga qaratilgan prinsipial kelishuvga kelgan.
Bayonotda aytilishicha, ushbu kelishuv Yevropa Superligasi bilan bog‘liq sud-huquq masalalarini yakuniy bitim imzolangandan so‘ng hal etish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun, Yevropa Superligasi (ESL) – Yevropaning eng boy va kuchli futbol klublari ishtirokida UEFA Chempionlar Ligasiga muqobil sifatida tashkil etilishi rejalashtirilgan musobaqa edi. Uning asosiy maqsadi top-klublarning daromadlarini oshirish va turnir boshqaruvini UEFA’dan olib, klublarning o‘z qo‘liga berish.
Loyiha ilk bor 2021 yil aprel oyida 12 ta klub (Angliya, Ispaniya va Italiyadan) tomonidan e’lon qilingan edi. Biroq muxlislar, futbolchilar va hukumatlarning keskin noroziligi sababli aksariyat klublar 48 soat ichida loyihadan chiqib ketdi.
2023 yil dekabr oyida Yevropa Ittifoqi sudi UEFA va FIFA’ning Superligani taqiqlash harakatlarini noqonuniy deb topdi. Bu qaror Superliga tashkilotchilariga yangi formatni taklif qilish imkonini berdi.
Yangi rejaga ko‘ra, turnir yopiq bo‘lmaydi va unda 64 ta jamoa uchta divizionda (Star, Gold va Blue) ishtirok etishi, shuningdek, o‘yinlar muxlislar uchun bepul platformada translyatsiya qilinishi aytilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta oxirida “Barselona” ham Superliga loyihasidan chiqqanini e’lon qilgan edi. Shundan so‘ng ushbu loyihada faqat “Real”gina qolgandi.