Rasman: Yassin Bunu “Al-Hilol” futbolchisiga aylandi
Sport
−
17 avgust 2023
2765Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” klubi “Sevilya” darvozaboni Yassin Bununi o‘z safiga qo‘shib oldi. Bu haqda taniqli insayder Fabritsio Romano xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 15 avgust kuni “Al-Hilol” “Sevilya” bilan Yassin Bunu transferi bo‘yicha kelishuvga erishgan. Shartnoma summasi esa 21 million yevroni tashkil qiladi. Marokashlik 32 yoshli darvozabon Saudiya klubi bilan 2026 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan 3 yillik shartnomaga kelishib olgan.
“Seshanba, 15 avgust kuni “Sevilya” “Al Hilol” bilan 21 million yevrolik shartnomani imzoladi. Yaqin soatlarda Bunu Saudiya klubi uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tadi”, deydi Romano.
Ma’lumot uchun, Yassin Bunu 2019 yildan beri “Sevilya” darvozasini himoya qiladi. U 2022 yilda Marokash terma jamoasi bilan Qatarda bo‘lib o‘tgan futbol bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi Jahon chempionatida 4-o‘rinni qo‘lga kiritgan. Chempionatning bronza medali uchun kechgan bahsda Marokash Xorvatiyaga 2:1 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ygan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” klubi braziliyalik futbolchi Neymarni o‘z safiga qo‘shib olgani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, mazkur transfer shartlari ichida futbolchiga mamlakat hududida nikohsiz yashashga ham ruxsat berilgani aytilgandi.