Rasman! O‘zbekistonliklar uchun Umra safariga ruxsat berildi 

Jamiyat

image

Bugun, 5 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Saudiya Arabistonidagi “Abu Sarhad” hamkor shirkati rahbari Abusarhad Nosir Abdulloh bilan “Umra – 2022” mavsumini amalga oshirish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar bergan. 

Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda umra safarini tashkil etish choralarini ko‘rish, hududlarda COVID pandemiyasidan avval navbatda turgan fuqarolarning imkoniyatlarini o‘rganish, ro‘yxatlarni qayta shakllantirish, aviaqatnovlar jadvalini ishlab chiqish va ziyoratchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ishlari boshlangan. 

Shuningdek, ziyoratni yuqori darajada tashkil etish uchun “Abu Sarhad” hamkor shirkati orqali Madina va Makka shaharlarida ziyoratchilar uchun qulay sharoitlarni hozirlash, Ikki Haram masjidiga yaqin bo‘lgan mehmonxonalarni tanlash, zamonaviy transport va boshqa xizmatlar ko‘rsatish sifatini oshirish kabi ishlar amalga oshiriladi. 

“Ta’kidlash zarurki, shu kunlarda Toshkent xalqaro aeroportida norasmiy shaxslar aldoviga uchib, noqonuniy yo‘llar orqali safarga otlangan kishilarning soxta hujjatlari sababli muborak safar oxiriga yetmay qolgan holatlari aniqlanmoqda. Shu bois, mo‘min-musulmonlarni umra kabi ibodat masalalarida juda ehtiyot bo‘lishlari va bu borada vakolatli tashkilot bo‘lgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi orqali muborak safarlarni ado etishlariga chaqiramiz. Qisqa fursatlarda umra safarlari boshlanib, hududlardagi navbatlar asosida belgilangan to‘lovlarni amalga oshirgan, tegishli vaksinani olgan va Saudiya Arabistonining karantin talablarini bajargan fuqarolar tartib bilan muborak safarga jo‘natiladi”, deyilgan xabarda. 

Qayd etilishicha, Umra safarlarining boshlanish sanasi va birinchi reysning uchish vaqti haqida qo‘shimcha xabar qilinadi.


Maqola muallifi

Teglar

Umra

Baholaganlar

272

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing