Rasman: O‘zbekistonda onalar o‘limi ko‘paydi

Salomatlik

O‘zbekistonda onalar o‘limi o‘sib bormoqda. Joriy yilning uch choragida qayd etilgan holatlar o‘tgan yilning mos davridagidan ancha ko‘p. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatovning bugun, 14 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida taqdim etgan hisobotida so‘z bordi. 

Uning bildirishicha, 2023 yilning yanvar – sentyabr oylarida O‘zbekistonda onalar o‘limi ko‘rsatkichi 100 ming tirik tug‘ilishga nisbatan 14,1 foizni tashkil etib, 2022 yilning mos davriga nisbatan 1 foizga oshgan. 

Onalar o‘limi bo‘yicha raqamlarning 2022 yilga nisbatan o‘sish holatlari hududlar kesimida quyidagicha:

•    Qoraqalpog‘iston Respublikasida  – 13 foizdan 24,7 foizga;

•    Andijon viloyatida – 7,9 foizdan 13,6 foizga;

•    Sirdaryo viloyatida – 11,6 foizdan 45,6 foizga; 

•    Toshkent shahrida – 11 foizdan 15,7 foizga;

•    Samarqand viloyatida – 7,3 foizdan 12,9 foizga oshgan. 

“Bu, albatta, bizning oldimizda turgan juda katta tashvish, juda katta kamchilik. XXI asrda bitta ham ona o‘limi bo‘lmasligi kerak. Bu bo‘yicha biz juda katta amaliy ishlarni boshlab yuborganmiz”, deydi Sog‘liqni saqlash vaziri.

Uning deputatlarga ma’lum qilishicha, ayni vaqtda mamlakatda onalar o‘limini kamaytirish maqsadida Belarusdan mutaxassislar olib kelinmoqda.  

“Hozirda Belarusdan “Ona va bola” markazidan akusher-ginekolog, bolalar anesteziolog-reanimatologi, ayollar anesteziolog-reanimatologi olib keldik, ular shu haftadan faoliyatini boshlaydi. Belarus tajribasida onalar o‘limi nol, go‘daklar o‘limi ham keskin kamligi uchun aynan shu mamlakat bilan keng ko‘lamli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va 2024 yilda onalar o‘limini keskin kamaytirish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab oldik”, deydi Amrillo Inoyatov. 

Vazirga ko‘ra, tug‘ish yoshidagi 7,7 million ayollar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, bugungi kunda ularning 3,4 millionida ekstragenital kasalliklar aniqlangan. Ularning 300 ming nafari statsionar, 2,4 millioni ambulator sharoitda davolangan. 

O‘zbekistonda 2023 yilning o‘tgan 9 oyi davomida 716 885 nafar chaqaloq tug‘ilishi qayd etilgan. 2022 yilning mos davriga nisbatan 35 mingtaga yoki 5,2 foizga oshgan. 

Go‘daklar o‘limi

Vazirning bildirishicha, 2022 yilning 9 oyi davomida go‘daklar o‘limi bo‘yicha intensiv ko‘rsatkich 8,3 foizga teng bo‘lib, 2023 yilning shu davrida ushbu ko‘rsatkich 7,8 foizga kamaygan. 


Maqola muallifi

Teglar

Sog'liqni saqlash vazirligi Amrillo Inoyatov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing