Rasman! Silva “Real Madrid” safiga qo‘shildi
Sport
−
17 iyun 790 1 daqiqa
Portugaliyalik yarim himoyachi Bernardu Silva faoliyatini “Real Madrid” klubida davom ettiradi. Bu haqda Madrid klubi matbuot xizmati xabar berdi.
Klub xabariga ko‘ra, tomonlar o‘rtasidagi shartnoma 2028 yil 30 iyunga qadar amal qiladi. O‘tgan mavsumda Bernardu Silva Angliyaning “Manchester Siti” jamoasi safida barcha musobaqalarda 53 ta uchrashuvda maydonga tushib, 3 ta gol urdi.
31 yoshli futbolchi avvalroq “Manchester Siti”ni erkin agent sifatida tark etgan edi. U 2017 yil yozidan buyon manchesterliklar safida to‘p surib, 451 ta o‘yinda ishtirok etdi va 76 ta golga mualliflik qildi.
Silva “Manchester Siti” safida olti marta Angliya chempionati, bir marta Chempionlar ligasi, UEFA Superkubogi va Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘olib chiqqan. Shuningdek, u uch marta Angliya kubogi hamda besh marta Angliya Liga kubogini qo‘lga kiritgan.
Ma’lumot uchun, Bernardu Silva Portugaliya terma jamoasi safida Jahon chempionatida ishtirok etadi. Ular bugun, 17 iyun kuni Kongo DR terma jamoasiga qarshi bahs bilan musobaqadagi ishtirokini boshlaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Real Madrid” klubi Mark Kukurelyani o‘z safiga qo‘shib olgandi.
Live
Barchasi