Rasman: Shavkat Mirziyoyev Qirg‘izistonga boradi
Jamiyat
−
24 yanvar 2023
8583O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning taklifiga binoan 26-27 yanvar kunlari davlat tashrifi bilan Qirg‘izistonda bo‘ladi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, ikki mamlakat yetakchilarining uchrashuvlari Bishkek shahrida bo‘lib o‘tadi.
Oliy darajadagi muzokaralar kun tartibidan O‘zbekiston-Qirg‘iziston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalarining keng doirasi o‘rin olgan.
Shuningdek, o‘zaro savdoni ko‘paytirish, sanoat kooperatsiyasi dasturlarini qo‘llab-quvvatlash va mintaqaviy infratuzilma loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratiladi.
Ta’kidlanishicha, sammit yakunida ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plamini qabul qilish ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 9 dekabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlari rahbarlari sammitiga tashrifi bekor qilingandi. Ushbu sammitda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham ishtirok etgandi. Bishkekka Mirziyoyevning o‘rniga Bosh vazir Abdulla Aripov borgan edi.
Avvalroq, Qirg‘iziston Savdo-sanoat palatasi Prezident Mirziyoyev tashrifi munosabati bilan ikki davlat ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishini o‘tkazishini ma’lum qilgan edi.
Ozoda Choriyeva
LiveBarchasi