Rasman: QALAMPIR.UZ jurnalistining sha’ni toptalgan video bo‘yicha tekshiruv boshlandi
Jamiyat
−
07 avgust 2021
25266Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda QALAMPIR.UZ Bosh muharriri o‘rinbosari Feruza Najmiddinovaga nisbatan tuhmat va yolg‘ondan iborat video tarqatilgani haqida rasmiy bayonot bergan edik. Tarqatilayotgan video bo‘yicha QALAMPIR.UZ sayti va jurnalist Feruza Najmiddinova Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga ariza bilan murojaat qildi.
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi mazkur holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilayotganini e’lon qildi.
“Internet tarmog‘ida QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza N.ni obro‘sizlantiruvchi video tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Feruza N. unga tuhmat qilgan shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab, Toshkent shahar IIBBga ariza bilan murojaat qilganini ma’lum qilamiz. Hozirda murojaat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda, natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinadi”, deyiladi bayonotda.
Shuningdek, IIBB fuqarolarga yolg‘on axborot tarqatish qanday oqibatlarga olib kelishini eslatib o‘tgan:
“Hurmatli fuqarolar, yolg‘on xabar tarqatish O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244-6 moddasi (“Yolg‘on axborot tarqatish”), hamda tuhmat qilish O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 139-moddasiga (“Tuhmat”) ko‘ra javobgarlikka sabab bo‘ladi”.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr