Rasman: Qozog‘istonda yuzni berkitadigan kiyim kiyish taqiqlandi

Olam

image

Qozog‘istonda jamoat joylarida odamning yuzini tanib olishni qiyinlashtiradigan kiyim kiyish taqiqlandi. Shuni nazarda tutuvchi qonun kecha, 30 iyun kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev tomonidan imzolandi.

Taqiq niqob – musulmon ayollarning yuzini yopib turuvchi, ko‘zlari uchun tor tirqishli bosh kiyimlari kiyishga ham taalluqli bo‘ladi.

Qonun matniga ko‘ra, istisno xizmat vazifalarini bajarish, tibbiy sabablarga ko‘ra, noqulay ob-havo sharoitidan himoya qilish, fuqarolik mudofaasi maqsadlarida, shuningdek, sport va madaniy tadbirlarda qatnashayotganda yuzlarini yopish holatlariga nisbatan qo‘llaniladi.

“Kursiv” nashrining aniqlik kiritishicha, Prezident To‘qayev avvalroq yuzni yopish o‘rniga milliy o‘zlikni ta’kidlaydigan kiyim kiyishni targ‘ib qilgan.

Qayd etish joiz, jamoat joylarida yuzni berkituvchi diniy kiyim – niqab va burqa kiyish Yevropa Ittifoqining bir qator mamlakatlarida, xususan, Fransiya, Daniya, Niderlandiyada, shuningdek, bir qator boshqa mamlakatlarda, masalan, Shri-Lankada taqiqlangan. Qirg‘izistonda, O‘zbekiston va Tojikistonda ham shunday qonun bor.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan darajada yuzini to‘sib yurgan shaxsga nisbatan BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha (3 mln 300 ming so‘mdan 4 mln 950 ming so‘mgacha) miqdorda jarima qo‘llanilishi belgilangan. Ushbu holatda tibbiy ruxsatnoma mavjudligi, xodimning ishi ushbu vaziyatni taqozo etishi kabi ba’zi istisnolar mavjud.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing