Rasman: Fransiyada evtanaziyaga ruxsat berildi

Olam

image

Fransiyada tuzalmas xastalikka chalingan voyaga yetgan fuqarolarga hayotdan ko‘z yumishda yordam olish huquqini beruvchi qonun rasman kuchga kirdi. Joriy yilning 14 avgust kuni Konstitutsiyaviy kengash bu haqdagi hujjatning Asosiy qonuniga muvofiqligini tasdiqladi.

“The Guardian” nashrining xabar berishicha, hujjat chidab bo‘lmas azob-uqubatlarga sabab bo‘luvchi og‘ir tuzalmas kasalliklarga chalingan voyaga yetgan Fransiya fuqarolari va doimiy yashovchilariga nisbatan tatbiq etiladi. Muolajani o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni bemorning ahvolini baholash va shifokor xulosasidan so‘ng maxsus komissiya qabul qiladi.

Ijobiy qaror chiqarilgan taqdirda, bemor kamida ikki kun kutishi, muolaja kunida esa o‘z qarorini yana bir bor tasdiqlashi kerak. Undan istalgan bosqichda voz kechish mumkin. Umumiy qoidaga ko‘ra, inson o‘limga olib keluvchi preparatni mustaqil qabul qilishi lozim. Agar jismoniy ahvoli bunga imkon bermasa, moddani tibbiyot xodimi yuborishi mumkin.

Yangi qonun qabul qilinguniga qadar Fransiya qonunchiligi faqatgina hayotni ushlab turuvchi davolanishdan voz kechishni va o‘lim oldidan chuqur tinchlantirishni qo‘llashni ma’qullar edi. Hayotdan ko‘z yumishda faol yordam berish taqiqlangandi. Shu sababli bemorlar bunday amaliyot legallashtirilgan boshqa mamlakatlarga borishga majbur bo‘lgan.

2022 yilgi saylovoldi kampaniyasidayoq ushbu qonun qabul qilinishini yoqlab chiqqan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron uni uzoq davom etgan demokratik muhokamalar natijasi deb atagan. Shu tariqa, Fransiya evtanaziyaga ruxsat bergan Niderlandiya, Belgiya, Shveysariya va Kanada kabi bir qator davlatlar qatoriga qo‘shildi.

Shu bilan birga, qonunning qabul qilinishi bir qator tibbiyot va diniy tashkilotlar tomonidan tanqidga uchradi. Ular hujjat nazarda tutilgan kafolatlarni eng ojiz insonlarni himoya qilish uchun yetarli emas deb hisoblamoqda va oxirgi qarorni qabul qilish uchun berilgan qisqa – ikki kunlik muddatga e’tibor qaratmoqda.

Konstitutsiyaviy kengash qonunni to‘liq hajmda saqlab qolgan, ammo ayrim qoidalarga aniqlik kiritishni talab qilgan. Xususan, e’tiqod bilan va vijdonan rad etish huquqi nafaqat shifokorlar va hamshiralarga, balki farmatsevtlarga ham tatbiq etiladi. Xuddi shunday huquqni xususiy, jumladan, diniy tibbiyot muassasalari ham olgan – agar muolajani o‘tkazish ularning yo‘nalishiga zid bo‘lsa. Biroq agar ular muayyan hududda bunday xizmatni ko‘rsata oladigan yagona muassasa bo‘lsa, rad eta olmaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Niderlandiyada 12 yoshga to‘lmagan og‘ir xastalikka chalingan bolaga nisbatan ilk bor evtanaziya (davolash imkoni bo‘lmagan og‘ir kasalliklarda bemorning roziligi bilan uning hayotini tinch va azobsiz tugatish amaliyoti) amalga oshirilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing