Fransiyada maktab o‘quvchilari bosh ko‘tardi: 440 kishi qo‘lga olindi (foto)

Olam

−

image_2026-09-30_11-12-33

Fransiyada o‘quvchilarning ta’lim tizimidagi muammolarga qarshi noroziliklari vaqtida 440 kishi ushlandi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, kecha, 29 sentyabr kuni mamlakat bo‘ylab 3 700 ga yaqin maktabdan 400 tasida namoyishlar yoki tartibsizliklar kuzatilgan. O‘quvchilar sinflardagi o‘quvchilar sonining ko‘pligi, o‘qituvchilar yetishmasligi va dars jadvallarining haddan tashqari tig‘izligiga qarshi chiqqan.

Noroziliklar dastlab Parijda boshlangan va keyinchalik mamlakatning boshqa hududlariga tarqalgan. Lill shahrida yuqori sinf o‘quvchilari chiqindi qutilariga o‘t qo‘ygan, politsiyachilarga shisha idishlar, toshlar va boshqa buyumlarni otgan. Huquq-tartibot xodimlari namoyishchilarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan.

Fransiya Ichki ishlar vaziri Loron Nyunetsning ma’lum qilishicha, mamlakat bo‘ylab 440 kishi qo‘lga olingan. Ularning qariyb uchdan ikki qismi politsiya bo‘limlariga olib ketilgan. To‘qnashuvlar vaqtida jami 48 nafar politsiyachi jarohatlangan. Rasmiylarga ko‘ra, ayrim namoyishchilar huquq-tartibot xodimlariga xlorid kislota ham uloqtirgan.

Parij shimolidagi Lamartin litseyida o‘quvchilar tig‘iz dars jadvaliga qarshi plakatlar ko‘targan. Ulardan birida “08:00–18:00. Dars soatlari uyqudan ko‘p” degan yozuv bo‘lgan.

Parij yaqinidagi Sena-Sen-Deni hududida esa yuzlab o‘quvchilar ishtirokidagi namoyishga mer Balli Bagayoko ham qo‘shilgan. U noroziliklarni qonuniy deb atab, kam daromadli hududlarga boshqa joylarga qaraganda kamroq resurs ajratilayotganini bildirgan. Fransiya Bosh vaziri Sebastyan Lekornyu namoyishlarning kuchayishi mas’uliyatsizlik bo‘lishini aytgan. U maktablar yaqinidagi yong‘inlar va zo‘ravonliklarni qoralagan.

Shu bilan birga, “Bo‘ysunmas Fransiya” partiyasi yetakchisi Jan-Lyuk Melanshon politsiyaning namoyishchilarga qarshi harakatlarini tanqid qilgan. Lekornyu esa uning bayonotlarini “mas’uliyatsiz keskinlashtirish” deb baholagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokiston hukumati sobiq bosh vazir Imron Xonni ozod qilishni talab qilayotgan tarafdorlarining namoyishi oldidan Islomobodda xavfsizlik choralarini keskin kuchaytirgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing