Norozi xalq harakati: Pokiston hukumatga qarshi “portlash”ga tayyorgarlik ko‘rmoqda

Olam

−

image

Pokiston hukumati sobiq bosh vazir Imron Xonni ozod qilishni talab qilayotgan tarafdorlarining namoyishi oldidan Islomobodda xavfsizlik choralarini keskin kuchaytirdi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Imron Xon asos solgan “Tehrik-i-Insof” (Pokiston adolat harakati – PTI) partiyasi mamlakat bo‘ylab namoyish o‘tkazish rejasidan voz kechmasligini bildirgan. Partiya rahbarlari ertaga, 27 sentyabrga belgilangan yurishni 4 oktyabrga qoldirish masalasini muhokama qilgan.

Hukumat namoyishni to‘xtatish maqsadida Islomobodga o‘n minglab politsiya va xavfsizlik xodimlarini joylashtirgan, poytaxtga olib kiruvchi asosiy yo‘llarni to‘sgan hamda partiyaning bir qator rahbarlarini hibsga olish uchun orderlar bergan.

Namoyish Imron Xonning 2023 yildan buyon qamoqda saqlanayotgani va uning qamoqdagi sharoiti bo‘yicha xavotirlar kuchaygan bir paytda rejalashtirilgan. Xon korrupsiya bilan bog‘liq ayblovlar bo‘yicha qamalgan, biroq u barcha ayblovlarni rad etib, qamoqqa olinishini siyosiy bosim bilan bog‘laydi.

Qayd etilishicha, so‘nggi kunlarda PTI’ning o‘nlab rahbarlari va vazirlari hibsga olingan yoki ularga nisbatan hibsga olish orderlari berilgan. Shuningdek, Imron Xonning uch singlisi – Alema Xon, Uzma Xon va Norin Niozi – ham joriy yil 21 sentyabrda hibsga olingan.

Manbaga ko‘ra, Xonning tug‘ilgan viloyati va PTI’ning asosiy tayanchi hisoblangan Xaybar-Paxtunxva viloyati Bosh vaziri Suhayl Afridiy ham hibsga olinishi mumkin bo‘lgan shaxslar qatorida. U partiya hukumati Xonning qamoqdagi sharoitini yaxshilash va uning ishlari bo‘yicha adolatli sud jarayonini ta’minlashga jiddiy yon berishini aytmasa, yurish o‘tkazilishini bildirgan.

“Hukumat vahimaga tushmoqda – shuning uchun Islomobodni qamal holatiga keltirishdi, shuning uchun vazirlarimizni o‘g‘irlab ketishmoqda. Ammo Imron Xon mamlakatdagi eng mashhur siyosatchi va odamlar uni qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘chaga chiqadi”, degan Afridiy.

U xavfsizlik kuchlarining ko‘payishi namoyishchilar va politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlar sodir bo‘lishidan xavotirni kuchaytirganini ham tan olgan.

“Ular bizni to‘xtatish uchun kuch ishlatishning har qanday usuliga borishi mumkinligini bilaman. Ammo odamlar soni ko‘p bo‘lsa, ular bizga o‘q uzolmaydi. Bizning rejamiz – shunchalik ko‘p odam olib kelishki, ular taslim bo‘lishga majbur bo‘lsin”, degan u.

Xaybar-Paxtunxva gubernatori Faysal Karim Kundi esa xavfsizlik choralarini ehtiyot chorasi sifatida himoya qilgan. U PTI’ni “beqarorlik va zo‘ravonlik” keltirib chiqarishga urinishda ayblab, davlat “zo‘ravon guruhning Islomobodga yurish qilishishiga yo‘l qo‘ya olmasligini” aytgan.

Bildirilishicha, Islomobodda yo‘llarni to‘sish uchun 1000 dan ortiq yuk konteynerlari o‘rnatilgan. Ularning ayrimlari tikanlar bilan mustahkamlangan, ko‘priklarga qum qoplari joylashtirilgan, poytaxtga olib kiruvchi muhim avtomobil yo‘llaridan biri yopilgan.

Shuningdek, shaharda ommaviy yig‘ilishlar ham taqiqlangan. Islomobod bo‘ylab 22 ming politsiya va boshqa xavfsizlik xodimi joylashtirilgan. Xaybar-Paxtunxva ma’muriy markazi Peshovarni Islomobod bilan bog‘lovchi asosiy avtomobil yo‘li ham yopilgan.

Nashrning qayd etishicha, ko‘rilgan choralar poytaxt aholisi va tadbirkorlarining noroziligiga sabab bo‘lgan. Yo‘llarning yopilishi tufayli ko‘plab do‘konlar va korxonalarga zarur mahsulotlarni yetkazib berish qiyinlashgan.

Jumladan, 76 yoshli nafaqadagi tadbirkor Shohidning aytishicha, “butun shahar aziyat chekmoqda”. U ishsizlik, inflyatsiya va xavfsizlik muammolari aholi hayotini qiyinlashtirganini ta’kidlagan.

PTI va Xonning tarafdorlari sobiq bosh vazir qamoqda yakkalangan holda saqlanayotgani, unga yetarli tibbiy yordam ko‘rsatilmayotgani hamda bir necha oydan beri oilasi va advokatlari bilan muloqot qilish imkoniyati cheklanganini da’vo qilmoqda. Hukumat esa Xonning sog‘lig‘i bo‘yicha tibbiy ko‘riklar o‘tkazilganini bildirgan.

Xon o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etadi. U qamoqqa olinishining sababi hukumat va mamlakatdagi qudratli harbiy rahbariyat uchun siyosiy xavf tug‘dirishi ekanini ta’kidlaydi.

Siyosiy sharhlovchilarning fikricha, PTI namoyishi kengayib, hukumatga qarshi katta harakatga aylanishi mumkinligidan rasmiylar xavotirda. Pokistonlik siyosiy sharhlovchi Niyoz Murtazoning aytishicha, Janubiy Osiyoning so‘nggi yillardagi tajribasi hukumatlarga qarshi ommaviy namoyishlar qisqa vaqt ichida katta harakatga aylanishi mumkinligini ko‘rsatgan.

“Pokistonda hozir noroziliklar juda keng. Hukumatning iqtisodiyot va xavfsizlik sohalaridagi faoliyati past, bosim esa yuqori. Shuning uchun ular butun vaziyat juda tez portlab ketishidan xavotirda”, degan Murtazo.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokiston Oliy sudi shu hafta Imron Xonni 48 soat ichida Islomoboddagi Shifa International Hospital shifoxonasiga o‘tkazish hamda uning shaxsiy shifokori ham qatnashadigan tibbiy komissiya ko‘rigidan o‘tkazishni buyurgan edi. Xon shifoxonada bir necha soat tibbiy ko‘rikdan o‘tgach, yana Adiala qamoqxonasiga qaytarilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing