“Mashinalar jannati”. Rim papasi SI xavfidan ogohlantirdi
Olam
−
14:51 763 3 daqiqa
Rim papasi Lev XIV Fransiyaga tashrifi chog‘ida sun’iy intellekt va boshqa yangi texnologiyalar insoniyat tabiatiga oid asosiy savollarni keltirib chiqarib, inson hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligidan ogohlantirdi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.
Qayd etilishicha, papa kecha, 25 sentyabr kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va mamlakat rasmiylari bilan Yelisey saroyidagi uchrashuvda, shuningdek, UNESCO qarorgohida diplomatlar va BMT xodimlariga murojaatida texnologiya taraqqiyoti bilan bog‘liq xavflarga to‘xtalgan.
Bildirilishicha, Lev XIV sun’iy intellektni “mashinalar jannati” deb atab, insonlar kundalik hayotini egallab, uni boshqara boshlayotgan texnologiyalar orasida insoniyatni yo‘qotib qo‘ymaslik uchun axloqiy qaror qabul qilish ko‘nikmalarini shakllantirish zarurligini ta’kidlagan.
“Agar hayotimizga kirib kelayotgan va uni boshqarayotgan mashinalar jannati orasida insoniyatimizni yo‘qotib qo‘yishdan saqlanmoqchi bo‘lsak, axloqiy ongni shakllantirishga shoshilinch ehtiyoj bor”, degan u.
Papa ilmiy taraqqiyot genetik manipulyatsiya, surrogat onalik, inson a’zolari savdosi yoki insonning o‘z o‘limi vaqtini belgilashi kabi faoliyatlarni foyda orttirishga qaratilgan loyihalarga aylanmasligi kerakligini aytgan. U, shuningdek, yadroviy qurollarga nisbatan Vatikanning qarshiligini yana bir bor tasdiqlab, yadroviy tiyib turish doktrinasini “noto‘g‘ri” deb atagan. Uning fikricha, mazkur yondashuv yangi qurollanish poygasini kuchaytirmoqda.
Lev XIV papaligining dastlabki kunlaridanoq sun’iy intellektni insoniyat oldida turgan eng katta muammolardan biri sifatida ko‘rsatib kelmoqda. U o‘zining birinchi ensiklikasida ham ushbu mavzuga to‘xtalib, sun’iy intellektni jiddiy tartibga solish va uni ishlab chiquvchilar texnologiyadan umumiy manfaat yo‘lida foydalanishi zarurligini ta’kidlagan.
Papa inson qadri va sun’iy intellekt o‘rtasidagi ziddiyatga ham e’tibor qaratgan.
“Paradoks tobora yaqqol namoyon bo‘lmoqda: kompyuter tizimlariga “aql” nisbat berilmoqda, biroq biz hayoti samaradorlik mezoni asosida baholanadigan va unumsiz deb topilganda rad etiladigan insonlarning ajralmas qadrini tan olishda qiynalmoqdamiz”, degan Lev XIV.
Papa jurnalistlar bilan suhbatda sun’iy intellekt ishlab chiquvchilar uning chaqiriqlarini eshitayotganidan mamnunligini va texnologiya kompaniyalari bilan Vatikan o‘rtasidagi muloqot davom etishiga umid qilishini aytgan.
Uning ta’kidlashicha, texnologiya sohasidagilar sun’iy intellekt insonlarning o‘rnini bosishi yoki oxir-oqibat insoniyatni yo‘q qilishiga yo‘l qo‘ymaslik, aksincha, uni insonlar uchun vosita sifatida ishlatish yo‘llarini izlashga ochiq.
Lev XIV’ning Fransiyaga to‘rt kunlik tashrifi so‘nggi 18 yil ichida amalga oshirilayotgan birinchi rasmiy papa tashrifi hisoblanadi. 25 sentyabr kuni minglab insonlar Parijda papani kutib olgan. Vatikan ma’lumotiga ko‘ra, tashrifning birinchi kuni uni ko‘rish uchun taxminan 300 ming kishi ko‘chaga chiqqan.
Papa Parij yaqinidagi “Sted de Frans” maydonida yoshlar bilan ibodat tadbirida ham ishtirok etdi. U yerda yig‘ilganlarni “Fransiya avliyolari” deb atagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rim papasi Leo XIV katolik Rojdestvo bayrami munosabati bilan butun dunyoda sulh o‘rnatishga chaqirgandi.