Niderlandiyada ilk bor 12 yoshga to‘lmagan bola qonunan o‘ldirildi

Olam

image
Urugvayda bemorni o‘ldirish qonuniylashtirildi  north_east

Urugvayda bemorni o‘ldirish qonuniylashtirildi 

Niderlandiyada 12 yoshga to‘lmagan og‘ir xastalikka chalingan bolaga nisbatan ilk bor evtanaziya (davolash imkoni bo‘lmagan og‘ir kasalliklarda bemorning roziligi bilan uning hayotini tinch va azobsiz tugatish amaliyoti) amalga oshirildi. Bu haqda “nos.nl” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur holat 2023 yilda evtanaziya to‘g‘risidagi qonunga kiritilgan o‘zgarishlardan keyin qayd etilgan birinchi holat hisoblanadi. Niderlandiya Sog‘liqni saqlash vaziri Sofi Xermansning bildirishicha, bolaga nisbatan ushbu muolaja o‘tgan yil oxirida amalga oshirilgan.

Maxsus vazirlik komissiyasi holat tafsilotlarini o‘rganib chiqqan, muolajani tashkil etgan shifokor bilan suhbat o‘tkazgan va shundan so‘ng rasmiy xulosasini nazorat organiga taqdim etgan.

Vazir evtanaziyaning aniq qachon o‘tkazilgani, bolaning tashxisi va yoshi haqida ma’lumot bermagan.

Niderlandiya 2002 yilda evtanaziyani to‘liq tibbiy muolaja sifatida qonuniylashtirgan dunyodagi birinchi davlat bo‘lgan.

2023 yil aprel oyida mamlakat evtanaziya uchun yosh cheklovlarini bekor qildi. Shundan buyon voyaga yetmagan bemorga nisbatan “hayotdan ketishga yordam berish” to‘g‘risidagi qaror shifokor va ota-ona tomonidan birgalikda qabul qilinadi.

Evtanaziya faqat bemor davolab bo‘lmaydigan kasallikka chalingan, kuchli azob chekkan va palliativ yordam ham ahvolini yengillashtira olmaydigan holatlarda qo‘llanilishi mumkin. Shuningdek, qaror qabul qilish jarayonida bolaning fikri ham inobatga olinadi.

Keyinchalik maxsus komissiya shifokor tibbiy standartlar va zamonaviy tibbiy bilimlar asosida harakat qilgan-qilmaganini tekshiradi. Komissiya tarkibiga tegishli sohalarda faoliyat yurituvchi to‘rt nafar shifokor, bir nafar huquqshunos va bir nafar etika mutaxassisi kiradi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing