Rasman: Erdo‘g‘an prezidentlikka nomzod bo‘ldi
Olam
−
22 mart 2023
3858Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an joriy yilning 14 may kuni bo‘lib o‘tadigan saylovlarda prezidentlikka nomzod sifatida ro‘yxatga olish uchun Oliy saylov komissiyasiga rasman ariza topshirdi. Kecha, 21 mart kuni Erdo‘g‘anning “Adolat va taraqqiyot” partiyasi vakillari uni ro‘yxatga olish Oliy saylov kengashiga borgani mahalliy telekanallar orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda namoyish etildi.
Ayni damda 18 nafar siyosatchi oliy davlat lavozimi uchun kurash olib borish rejalarini ma’lum qilgan. Erdo‘g‘anning asosiy raqibi asosiy muxolifatdagi “Jumhuriyat Xalq” partiyasi raisi Kamol Qilichdoro‘g‘li bo‘lishi kutilmoqda.
Oliy saylov komissiyasiga “Adolat va taraqqiyot” bilan birga hukmron partiya bilan ittifoqchi Millatchi Harakat partiyasi vakillari ham keldi. Ular partiyalar Erdo‘g‘anni yagona nomzod sifatida ko‘rsatishga qaror qilganini va qonun talabiga ko‘ra barcha kerakli hujjatlarni Oliy saylov komissiyasiga taqdim etganini bildirishdi.
Turkiyada parlament saylovlari bilan bir qatorda 14 may kuni prezidentlik saylovlari ham bo‘lib o‘tadi. Birinchi turda g‘alaba qozonish uchun davlat rahbari lavozimiga nomzod 50 foizdan ortiq ovoz to‘plashi kerak. Aks holda, ikkinchi bosqich bo‘lib o‘tadi, unda birinchisida eng ko‘p qo‘llab-quvvatlangan ikki nomzod ishtirok etadi. Avvalgi prezidentlik saylovlari 2018 yil 24 iyun kuni bo‘lib o‘tgan edi. O‘shanda Erdo‘g‘an 52,6% ovoz to‘plab, g‘alaba qozondi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 mart kuni Turkiyaning Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdan tashqari sammitida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar rahbarlari nomidan turk xalqini saylovda Rajab Toyib Erdo‘g‘an nomzodini qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan edi.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15