Rasman: Bolgariya va Ruminiya Shengen hududiga qo‘shildi
Olam
−
31 mart
8903Bolgariya va Ruminiya bugun, 31 mart kunidan boshlab Shengen hududiga rasman qo‘shildi. Bu haqda Yevrokomissiya saytida xabar berildi.
Endilikda ikki davlatdan boshqa Shengen mamlakatlariga havo yoki suv transporti orqali kirish va chiqishda chegara nazorati bekor qilinadi. Biroq yerusti nazorat punktlarida chegarani kesib o‘tishda pasport nazorati saqlanib qoladi. Sofiya va Buxarestning noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish qobiliyatidan jiddiy xavotir bildirgan Avstriya bu masala bo‘yicha vetosidan foydalangan. Har ikki davlat chegara nazoratini kuchaytirishga va o‘z hududlarida boshpana so‘rovlarini ko‘rib chiqishga va’da bergan.
Har ikki davlat ham ertaga, 1 aprel kuni o‘zlarining Shengen vizalarini berishni boshlaydi. Ular quruqlikdagi chegara nazoratini bekor qilish to‘g‘risidagi qaror Yevropa Ittifoqi kengashi tomonidan 2024 yil oxirigacha qabul qilinishini taxmin qilmoqda.
“Bolgariya va Ruminiya Shengen oilasiga qo‘shilmoqda. Men ichki havo va dengiz chegaralarida tekshiruvlar bekor qilinishini olqishlayman. Bu har ikki davlat uchun katta muvaffaqiyat. Va bu dunyodagi eng katta erkin harakatlanish zonasi bo‘lgan Shengen hududi uchun tarixiy lahzadir. Biz birgalikda barcha fuqarolarimiz uchun yanada kuchliroq, birlashgan Yevropani qurmoqdamiz”, deydi Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen.
Ma’lumot uchun, Bolgariya va Ruminiya 2007 yilda Yevropa Ittifoqiga qo‘shilgan, 2011 yilda esa Yevropa Komissiyasi mazkur ikki davlat Shengenga qo‘shilish uchun texnik jihatdan tayyor degan xulosaga kelgan. Ammo 2023 yil dekabrigacha hech qanday siyosiy qaror qabul qilinmadi. Yevropa Ittifoqi Kengashi 2023 yil 31 dekabrda Bolgariya va Ruminiyani Shengen hududiga qabul qilishga bir ovozdan qaror qildi. Avstriya va Niderlandiya 2022 yilda noqonuniy muhojirlar oqimidan qo‘rqib, bunga qarshi chiqqandi. Amsterdam Bolgariyada "qonun ustuvorligining hal qilinmagan muammolari" borligini ta’kidlagan.
LiveBarchasi