Rasman: BMT O‘zbekiston orqali Afg‘onistonga gumanitar yordam yuboradi
Olam
−
13 Oktabr 2021
3438Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochoqlar bo‘yicha Oliy Komissarligi O‘zbekiston orqali Afg‘onistonga gumanitar yordam yuklangan uchta samolyot yuboradi. Bu haqda BMT saytida xabar berilgan.
“Yaqin kunlarda BMT Qochoqlar bo‘yicha Oliy Komissarligi gumanitar yordam yuklangan uchta samolyotni O‘zbekistonning Termiz shahriga yuborishni rejalashtirmoqda, shunda u yuk mashinalari bilan Xayraton chegara o‘tish punkti orqali Mozori-Sharifga yetkazib berilishi mumkin. Birinchi bunday samolyot oktyabr oyining o‘rtalarida Termizga yetib keladi”, deyilgan tashkilot saytida.
Qayd etilishicha, BMT Afg‘onistondagi gumanitar operatsiyalar uchun 606 million dollar talab qilganidan bir oy o‘tdi, ammo hozircha bu summaning atigi 35 foizi olingan.
“Afg‘oniston iqtisodiyotining butunlay qulashi oldini olish uchun mablag‘ kerak”, deyilgan xabarda.
BMT Qochoqlar bo‘yicha Oliy Komissarligi vakili Babar Baloxga ko‘ra, idora Afg‘oniston bilan chegaradosh mamlakatlarda yuz minglab ichki ko‘chirilganlarga shoshilinch yordam ko‘rsatish uchun logistika markazlarini tashkil etish ustida ishlamoqda.
“Kechasi sovuq tushyapti, uysiz qolgan odamlar tez yordamga muhtoj”, degan Balox.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yordamga muhtoj afg‘onistonliklar soni 20 millionga yetgan va bu raqam har kuni o‘sishda davom etmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti afg‘on oilalarining atigi 5 foizi yetarli oziq-ovqat bilan ta’minlangani haqida ogohlantirgan. Ta’kidlanishicha, besh yoshgacha bo‘lgan bolalarning yarmidan ko‘pi to‘yib ovqatlanmaydi.
Avvalroq, O‘zbekiston va Eron Afg‘onistonga iqtisodiy yordam bermoqchi ekani haqida xabar bergandik.
LiveBarchasi