Rasman: “Yangicha tonirovka”ga ruxsat berilishi kutilmoqda
Jamiyat
−
18 iyul 2019
12448O‘zbekiston avtomobillarni quyoshdan saqlash uchun talab etilganidek “tonirovka”ga ruxsat berilmasada, termal plyonkaga ruxsat etilishi mumkin. Ushbu plyonka bir muncha shaffof bo‘lib, uning asosiy vazifasi avtomobil salonini quyoshning ultrabinafsha nurlaridan saqlab, jaziramada isib ketishini bir muncha kamaytiradi.
Ushbu masalada muammoning yechimi sifatida Hukumat qaroriga tegishli o‘zgartirish kiritishni nazarda tutuvchi taklif tayyorlanmoqda. Ya’ni, Yo‘l harakati qoidalarining 3-ilovasi 7.4-bandiga muvofiq, transport vositasining old, yon va orqa oynalarining yorug‘lik o‘tkazuvchanligi 70 foizdan kam bo‘lsa, undan foydalanish taqiqlanishi belgilangan normani qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq. Unga ko‘ra, mamlakatimizda ushbu 70 foiz cheklovi 15 foizga, ya’ni 55 foizgacha tushirilsa, haydovchilar bemalol termal plyonkadan foydalanishi mumkin bo‘ladi. Bu haqda bugun, 18 iyul kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida ma’lum qilingan.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali yengil avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, oynalarining tusini o‘zgartirish (qoraytirishga) ruxsatnoma olish jismoniy shaxslar uchun – eng kam oylik ish haqining to‘qson baravari (18 245 700 so‘m), yuridik shaxslar uchun – eng kam oylik ish haqining bir yuz yigirma baravari (24 327 600 so‘m) miqdoridagi mablag‘ni to‘lash orqali amalga oshiriladi.
Deputatlar tomonidan ta’kidlanganidek, agar ushbu summani to‘lashga haydovchining qurbi yetsa ham, unga buning issiqdan himoyalanishga xech qanday nafi bo‘lmaydi, chunki qarorga asosan, oynalarining tusini o‘zgartirish avtotransport vositasining faqatgina orqa oynalariga ruxsat beriladi, xolos. Demak, haydovchi qaror talablarini bajaraman deb pul to‘laydi va o‘zi yana o‘sha quyosh nurlarida qoladi.
Yig‘ilishda haydovchi va yo‘lovchilar uchun qulayliklar yaratish maqsadida taklif etilayotgan termal plyonka bilan qoplangan avtomabil oynalarining bir nechta namunalari ko‘rgazmali ko‘rinishda taqdim etilib, ularning afzalligi va qulayliklari bo‘yicha yig‘ilganlarga batafsil axborot berildi.
Taqdim etilgan namunalardan ko‘rish mumkinki, termal plyonka o‘zining xususiyatiga ko‘ra, tonirovka plyonkasidan ancha ustunlikka ega va haydovchilar uchun ham yon-atrofni ko‘rishga xalaqit bermaydi. Eng asosiysi, transport vositasining ichidagi shaxslar tashqaridan bemalol ko‘rinadi va hech kimning xavfsizligiga daxl qilmaydi.
Deputatlarning ushbu tashabbusini yig‘ilishda hozir bo‘lgan Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimlari, Davlat yo‘l harakati xavfsizligi va “O‘zstandart” agentligi mutaxassislari qo‘llab-quvvatlashdi va bu orqali fuqarolarimizga avtomobildan foydalanishlari uchun qulay shart-sharoit yaratilishi ta’kidlandi.
Bildirilgan fikr-mulohazalar va muhokamalardan so‘ng mazkur masala yuzasidan fraksiyaning takliflarini Vazirlar Mahkamasiga yuborishga kelishib olindi.
LiveBarchasi