“Qodirov ishi”: O‘rinbosarlar to‘daboshidan ko‘proqqa “kesildi”
Jamiyat
−
26 iyun 2019
7521Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasining sobiq Bosh prokurori Rashid Qodirovga nisbatan sud hukmi o‘qilgani, u 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingani haqida xabar bergan edik.
Bugun, 26 iyun kuni, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shaxar sudi, Yunusobod tuman sudining binosida, Rashid Qodirovdan tashqari, jinoyat ishi doirasida sud qilinayotgan 13 kishiga ham hukm chiqardi.
Sudning hukmi bilan 2000-2015 yillarda prokuratura va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda katta lavozimlarida ishlagan Mirag‘lam Mirzayev, Jamshid Fayziyev, Ulug‘bek Sunnatov, Ramazon Po‘latov, Aziz Musashayxov, Ulug‘bek Xurramov, Yu. Gaipov, Abdurashid Mirzayev, Muhabbat Mirzayeva, fuqarolar S. Kosimov, A. Ikramov va X. Axmedjanov bilan o‘zaro jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib pora olish (Jinoyat kodeksi 210-moddasi 3-qismining “a” bandi), pora berishga dalolat qilish (JK 28,211-moddasi 3-qismining “a” bandi), firibgarlik (JK 168-moddasi 3-qismining “a” bandi), soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash (JK 184-moddasining 3-qismi), tergov qilishga va sud ishlarini hal etishga aralashish (JK 236-moddasining 2-qismi), jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish (JKning 243-moddasi) kabi, hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi bir qator og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi.
Qariyb olti oy davom etgan, O‘zbekiston Respublikasi JPK (jinoyat-protsessual kodeks) ning 19-moddasi, shuningdek “Davlat sirlari to‘g‘risida”gi Qonuni talablariga muvofiq, yopiq tarzda o‘tkazilgan sud tergovi jarayonida barcha sudlanuvchilarning ko‘rsatuvlari birma-bir atroflicha tekshirildi, ikki yuzga yaqin guvohlarning ko‘rsatuvlari tinglanib, ish bo‘yicha o‘tkazilgan ekspertiza va xizmat tekshiruvlari xulosalari, shuningdek jinoyat ishida to‘plangan dalillar, ularning qonuniyligi va asosliligi nuqtai nazaridan taftish qilindi.
Sudning hukmi bilan aybli deb topilgan Ulug‘bek Sunnatov 19 yilga, Abdurashid Mirzayev 15 yilga, Ulug‘bek Xurramov 14 yilga, Jamshid Fayziyev 13 yilga, L. Musashayxov 13 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Qolgan sudlanuvchilarga ham qilgan qilmishlariga yarasha qonun doirasida jazolar tayinlanib, ularning barchasi qo‘shimcha jazo tariqasida muayyan muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq bo‘lgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilindi.
Sudlanganlar aybli deb topilgan jinoyatlari oqibatida yetkazilgan moddiy zararlar, surishtiruv va dastlabki tergov jarayonida topshirilgan pul va xatlangan mol-mulklar hisobidan qoplanishi belgilandi.
Shuningdek, sud tomonidan, O‘zbekiston Respublikasi JPKning 298-moddasiga asosan, jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf qilish masalasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga xususiy ajrim chiqarildi.
Sud hukmi e’lon qilingach raislik etuvchi sud protsessi ishtirokchilariga hukmning mazmun-mohiyatini batafsil izohlab berib, shikoyat qilish muddatlari va tartibini tushuntirdi.
LiveBarchasi