Rashid Qodirov nega sheriklaridan kamroqqa qamaldi?
Jamiyat
−
27 iyun 2019
7951Avvalroq, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi O‘zbekiston Respublikasining sobiq Bosh prokurori Rashid Qodirov (1952 y.t.) va boshqalarga oid (jami 13 nafar shaxs) jinoyat ishi bo‘yicha ayblov hukmini e’lon qilgani haqida xabar bergandik.
Sud hukmi bilan, Rashid Qodirov Jinoyat kodeksining qator moddalarida ko‘zda tutilgan bir nechta og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi.
Rashid Qodirovga 10 yil ozodlikdan mahrum qilish va eng kam oylik ish haqining 500 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
Ijtimioiy tarmoq foydalanuvchilari orasida Rashid Qodirovga nima uchun jinoiy sheriklariga nisbatan yengilroq jazo tayinlangani borasida savol paydo bo‘ldi.
Shuningdek, mazkur ish ikki yillik sud jarayonidan so‘ng 14 yilga ozodlikdan mahrum qilish va eng kam oylik ish haqining 400 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan, xalq orasida “Ahmadboy” nomi bilan tanilgan Ahmad Tursunboyev ishi bilan solishtirilgan.
Qayd etish joizki, Ahmad Tursunboyev (1977 y. t.) va bir guruh shaxslar bo‘yicha bo‘lib o‘tgan ishda yirik miqdordagi mablag‘larini yo‘qotgan 12 minggga yaqin jabrlanuvchi qatnashgan hamda sudlanuvchi qilmishiga yarasha jazo olgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Matbuot kotibi Aziz Abidov ushbu savollar yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.
“Rashid Qodirovga nisbatan hukm chiqarilayotganida sud amaldagi qonunchilikka qat’iy rioya qilgan. Ya’ni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 50-moddasi 6-qismiga muvofiq “Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinayotgan ayollarga hamda oltmish yoshdan oshgan erkaklarga nisbatan tayinlanayotgan jazo muddati ushbu Kodeks Maxsus qismining tegishli moddasida nazarda tutilgan ozodlikdan mahrum etish eng ko‘p muddatining uchdan ikki qismidan ortiq bo‘lishi mumkin emas”.
Rashid Qodirovga hukm chiqarilayotgan vaqtda uning yoshi oltmishdan oshgan bo‘lganligi uchun sudlanuvchiga nisbatan nima uchun bunday jazo tayinlanganligi oydinlashadi.
Ta’kidlab o‘tamanki, ish bo‘yicha raislik qilgan sudya sud jarayoni ishtirokchilariga hukm o‘qiyotganida qabul qilingan qaror mazmuni va ma’nosi, unga nisbatan shikoyat berish muddati va tartibi batafsil tushuntirilgan.
Shu bilan birga, shuni qayd etish lozimki, sud hukmiga nisbatan faqatgina mazkur sud jarayoni ishtirokchilari shikoyat berish huquqiga ega”, deydi Aziz Abidov.
LiveBarchasi