Ramzan Qodirovning boshiga ham Prigojinning kuni tushadi - “Bild”

Olam

image

Rossiyalik muxolifatchi siyosatchi Dmitriy Gudkov “Vagner” asoschisi Yevgeniy Prigojinning taqdiri Checheniston rahbari Ramzan Qodirovni ham kutayotganini aytdi. Uning so‘zlarini “Bild” keltirmoqda.

Gudkovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya rasmiylari Prezident Vladimir Putinga tahdid solayotgan shaxslarni, jumladan, Ramzan Qodirovni yo‘q qilishga kirishishi mumkin. 

Materialda aytilishicha, Qodirov bir muddat Kremlga qarshi isyonchi bo‘lgan va Checheniston urushida qatnashgan, bundan Rossiya markaziy hukumati xavotirda bo‘lishi mumkin.

“Putin Kremlning turli fraksiyalari o‘rtasida hakam rolini o‘ynashni to‘xtatdi. U endi bu rolga dosh berolmaydi, mojarolar paydo bo‘ladi”, deydi muxolifatchi.

Qayd etilishicha, Qodirov va Rossiya xavfsizlik apparati o‘rtasida ochiq mojaro, shuningdek, FSB va Mudofaa vazirligi o‘rtasidagi mojaroning kuchayishi ehtimoli bor.

“Ishonchim komilki, Qodirov bilan ziddiyat bo‘ladi. Chunki Qodirov Rossiya davlatchiligining eng katta raqiblaridan biri. Qodirovning yaxshi tayyorlangan armiyasi bor. Qodirov xavfsizlik apparatidan tashqarida katta ta’sirga ega”, deya qo‘shimcha qilgan Gudkov.

Prigojinning o‘limi

Joriy yilning 23 avgust kuni Rossiyaning Tver viloyatida halokatga uchragan samolyot bortida “Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojin va uning hammuassisi Dmitriy Utkin bo‘lgani, bortdagi barcha 10 yo‘lovchi halok bo‘lgani aytilgandi. 24 avgust kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin samolyot halokatida halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirgan va Prigojinni iste’dodli tadbirkor, biroq taqdiri og‘ir inson bo‘lgani va hayotida jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yganini qayd etgandi. G‘arb davlatlari yetakchilari va rasmiylari esa mazkur halokat ortida Putin turganini istisno qilmasligini bildirgan. 

Masalan, Yevrokomissiya “Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojinning o‘limi haqidagi ma’lumotlarning ishonchliligiga shubha qilayotgan bo‘lsa, Polsha Bosh vaziri Mateush Moravetskiy endilikda “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi ustidan nazorat to‘g‘ridan-to‘g‘ri Putinga o‘tishini taxmin qilmoqda.

27 avgust kuni Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojinni Tver viloyatidagi aviahalokatda halok bo‘lganini tasdiqladi.

Kecha, 29 avgust kuni Prigojinning dafn marosimi Sankt-Peterburg qabristonlaridan birida bo‘lib o‘tdi.


Maqola muallifi

Teglar

Ramzan Qodirov Evgeniy Prigojin Dmitriy Gudkov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing