Ramzan Qodirovning ahvoli og‘ir – Ukraina razvedkasi

Olam

image

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov surunkali kasalliklarining kuchayishi tufayli og‘ir ahvolda. Bu haqda Ukraina Bosh razvedka boshqarmasi vakili Andrey Yusov mahalliy OAVga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Harbiy jinoyatchi Qodirovning ahvoli og‘irligi hamda surunkali kasalliklar bilan kurashayotgani haqida bizda ma’lumotlar bor”, degan Yusov. 

Uning aytishicha, dastlabki ma’lumotlar turli manbalardan tasdiqlangan va hech qanday jarohatlar bilan bog‘liq emas. 

“Qodirovning ahvoli yomonligi haqidagi mish-mishlar birinchi marta paydo bo‘layotgani yo‘q. Ammo bu safar uning sog‘lig‘i yomonlashgani haqida  turli soha, jumladan, tibbiyot va siyosat vakillaridan ma’lumot oldik”, deydi razvedka boshqarmasi xodimi.

Biroq Ramzan Qodirovga yaqin manbalar bunday xabarlarni rad etmoqda. Xususan, uning yordamchisi Umar Daudov ijtimoiy tarmoqlarda Qodirov oilasi bilan kechki sayr qilgani aks etgan videoni e’lon qildi.

“Kechki sayr oila bilan kechki ovqatning ajoyib yakuni bo‘ldi. Do‘stlar, bu quvonchli daqiqalarni qo‘ldan boy bermang! Vaqt topib, oilangiz bilan birga bo‘ling – ularni ham, o‘zingizni ham xursand qiling”, deb yozgan Daudov videolavha izohida. 

Biroq mazkur video qachon suratga olingani noma’lum.

Ma’lumot uchun, Ramzan Qodirov o‘tgan yil oxiridan beri o‘zining sog‘lig‘i haqidagi mish-mishlarni rad etib keladi. 2022 yil dekabr oyida u muntazam tibbiy ko‘rikdan o‘tayotganini, jiddiy muammolar yo‘qligini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Checheniston rahbari davolash qiyin bo‘lgan va ichki a’zolar ishlamay qolishiga olib keladigan og‘ir xastalikdan aziyat chekayotgani haqida xabar tarqalgandi. Shu bilan birga, Germaniyaning “Bild” nashri Checheniston rahbarining buyragi xasta ekani, Qodirovni davolash uchun Grozniyga abu-dabilik nefrolog Yasin Ibrohim Shahat kelganini yozgandi

Iyul oyi boshida, Qodirovning g‘oyib bo‘lgani haqida xabarlar tarqalganidan bir necha kun o‘tib, Checheniston yetakchisining Instagram'ida deputat Adam Delimxonov paydo bo‘lgan va mish-mishlarni rad etgandi. Kecha, 15 sentyabr kuni esa Rossiya Davlat Dumasi sobiq deputati Gennadiy Gudkov Ramzan Qodirovning buyrak transplantatsiyasi muvaffaqiyatsiz yakunlanganini aytgan.


Maqola muallifi

Teglar

Ramzan Qodirov Checheniston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing