Ramzan Qodirov o‘g‘irlangan otini dushmanidan sotib oldi
Olam
−
16 may 2023
19320Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Chexiyadagi otxonadan o‘g‘irlangan Zazu laqabli otini Ukraina maxsus xizmatlari vositachiligida 18 ming dollar evaziga qaytarib olganini da’vo qilmoqda. Bu haqda u Telegram-kanalida yozdi.
Qodirovning aytishicha, 2023 yil boshida Ukraina maxsus xizmatlarining vakillari o‘z vositachilari orqali otni pul evaziga ozod qilish taklifi bilan murojaat qilgan.
“Ular mening otga bo‘lgan munosabatimni bilardi va yanglishmadi – albatta, men rozi bo‘ldim. Rostini aytsam, men Zazu qandaydir tarzda, undan sanksiyalar olib tashlanib yoki shunga o‘xshash yo‘l bilan rasmiy ravishda qaytarib beriladi, deb o‘yladim. Ammo maxsus xizmatlarning mardonavor rejasi borligi ma’lum bo‘ldi – ular Chexiya politsiyasi bilan til biriktirib, uning Chexiyadagi otxonadan o‘g‘irlanishini shunchaki uyushtirdi”, deb yozgan Checheniston rahbari.
Qodirovga ko‘ra, hozir jonivor Chechenistonga qaytmoqda. Biroq tulporning qaytishi egasiga 18 ming dollarga tushgan. E’tiborli jihati shundaki, Chexiya huquq-tartibot idoralari uni aynan shunchaga baholagan edi.
“Uning haqiqiy qiymati va ajoyib naslini hisobga olsak, bu shunchaki tiyinlar! Shunday ekan, do‘stlar, agar Yevropadan biror narsa olib kelish kerak bo‘lsa, Ukraina maxsus xizmatlariga murojaat qiling. Tez, professional, arzon, sanksiyalar ham chetlab o‘tiladi!” deya kinoya qilgan Ramzan Qodirov.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning mart oyida Chexiya OAVlari Krabchitse qishlog‘idagi otxonadan Ramzan Qodirovga tegishli, qiymati taxminan 400 ming kron (taqriban 18 ming dollar) bo‘lgan 16 yoshli Zazu laqabli zotdor ot o‘g‘irlab ketilgani haqida xabar bergandi. Checheniston rahbari esa Zazuning narxi kamida 10 million dollar ekanligini aytgan.
LiveBarchasi