Ramzan Qodirov migrantlarni himoya qilib, Rossiya hukumatini nafrat qo‘zg‘atishda aybladi

Olam

image

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Rossiya hukumatini migratsiya siyosatini kuchaytirgani uchun tanqid qildi. U ayrim qabul qilingan choralar uning hafsalasini pir qilayotganini, chunki ular Rossiyani qo‘shni birodar hududlar bilan to‘qnash kelishiga olib kelishini ta’kidladi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

“Agar migratsiya siyosatini o‘zgartirish kerak bo‘lsa, buni shunchalik jirkanch usulda qilmaslik kerak. Barchaga vahshiylarcha tashlanmaslik lozim, kimni qo‘lga olishsa, hech qanday sababsiz ushlab ketishmoqda. So‘nggi paytlarda bu tadbirlar juda qattiq o‘tkazilmoqda”, deb yozdi mintaqa rahbari.

Qodirovga ko‘ra, Rossiyada migratsiya bilan bog‘liq muammolar mamlakatga kelganlar aybi bilan paydo bo‘lmagan va chet elliklarni chiqarib yuborish orqali bu muammolarni hal qilib bo‘lmaydi.

“Bu yerda muammo o‘z vaqtida ularning vazifasiga kiradigan masalalar bilan shug‘ullanib, har qanday kuchaygan jarayonlarga tezkor javob berishi kerak bo‘lganlarning loqaydligida. Ammo, deyarli hech qanday nazorat yo‘q”, deydi u.

Checheniston rahbari Rossiya hukumatiga migratsiya nazoratining savodli tizimini yo‘lga qo‘yish, bu sohada to‘g‘ri siyosatni o‘rnatish kerakligini, boshqa davlat fuqarolarini “tartibsiz inkvizitsiyaga duchor qilmaslik” kerakligini aytdi.

“Jamiyatda migrantlarga bo‘lgan nafratni qo‘zg‘atib, biz hech qanday yaxshilikka erisha olmaymiz, aksincha, vaziyatni yanada og‘irlashtiramiz. Sabablarni bartaraf etish kerak, ularning oqibatlari bilan shug‘ullanmaslik zarur”, deydi Qodirov.

Unga ko‘ra, migrantlar orasida qonunbuzarlar ham, qonunga bo‘ysunadigan fuqarolar ham bor va qonunga rioya qiladiganlar ancha ko‘p.

“Bo‘ldi, biz bugungi migrantlarni to‘liq ta’qib va tozalash orqali haydab chiqaramiz, lekin ertaga boshqa davlatlardan boshqalari keladi. Kim kafolat beradi ular yaxshiroq bo‘ladi deb?” deydi u.

Ma’lumot uchun, Rossiyada migratsiya siyosatining kuchayishi 22 mart kuni Moskvadagi “Krokus Siti Holl”da yuz bergan teraktdan keyin boshlandi. Ushbu voqeada 145 kishi halok bo‘ldi, 550 dan ortiq odam jarohat oldi. Hodisada gumon qilinayotganlar tojikistonliklar bo‘lib, bu jamiyatda migrantlarga qarshi kayfiyatning kuchayishiga sabab bo‘ldi.

Shu voqea fonida kuch ishlatar organlar 2013 yildan buyon eng yirik noqonuniy migrantlar ovini boshlab, mamlakatning 68 mintaqasida reydlar o‘tkazdi. Ichki ishlar vazirligi migratsiya qonunchiligini kuchaytirishni taklif qildi va iyun oyida Davlat Dumasi chet el fuqarolarining huquqlarini cheklovchi qonunni qabul qildi. Bu choralar orasida migrantlarni maxsus ro‘yxatga kiritish, yashash joyini o‘zgartirish huquqini cheklash, transport vositalarini boshqarish, nikoh tuzish va bank hisob raqamlarini ochish huquqlarini cheklash ham bor.

Sentyabr oyida Ichki ishlar vazirligi Rossiyadan 2 milliondan ortiq migrant ketganini ma’lum qildi. O‘sha paytda Davlat Dumasi spikeri Vyacheslav Volodin parlament quyi palatasi migrantlarga oilalarini Rossiyaga olib kelishni taqiqlash bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqayotganini ma’lum qildi.

1 okyatbr kuni Ichki ishlar vazirligi Rossiyada vaqtincha bo‘lib turgan migrantlarni ro‘yxatga olish muddatini bir yil bilan cheklovchi tuzatishlarni taklif qildi. 5 oktyabr kuni Tojikiston Bosh vaziri Qohir Rasulzoda migratsiya nazoratining kuchayishi tufayli respublika fuqarolarining Rossiyada yuzaga kelgan holatidan xavotirda ekanligini bildirdi. U xavfsizlikni ta’minlash bahonasida Tojikiston fuqarolarini kirish va deportatsiya qilishdan bosh tortish holatlari ko‘payganini ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya migrant Ramzan Qodirov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing