Rossiya malakasiz migrantlar oilasining mamlakatga kirishini taqiqlashi mumkin
Olam
−
04 Sentabr
4645Bugun, 4 sentyabr kuni Rossiyaning Samara shahrida Davlat Dumasi kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida parlament quyi palatasi raisi Vyacheslav Volodin mamlakatga ishlashga borgan past malakali migrantlar oilalarini kirishini taqiqlash kerakligini aytdi. Bu haqda TASS xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, Volodin e’tiborni Samara viloyati aholisi bu sohada tartibni tiklash bo‘yicha so‘rovlar bilan deputatlarga murojaat qilayotganiga qaratgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, migratsiya masalasi Davlat Dumasi faoliyatida ustuvor yo‘nalish hisoblanadi. Volodin Rossiyaga kelgan migrant uchun uni taklif qilgan korxona javobgar bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
“Bu yerga ishlash uchun kelgan past malakali kadrlar va migrantlar o‘zlari bilan oilasi va yaqinlarini olib kelmasligi kerak. Biz hozir bu masalani muhokama qilmoqdamiz, chunki qonunchilikda buni amalga oshirish imkonini beruvchi bo‘shliq bor”, dedi u.
Unga ko‘ra, mehnat migratsiyasi bir tomondan, iqtisodiy rivojlanish muammolarini hal etishda yordam bersa, ikkinchi tomondan, kelganlar qonunlar va urf-odatlarga rioya qilishi, mahalliy tilni bilishi uchun hamma narsa qilinishi zarur. Shunda muammolar bo‘lmaydi. U bu borada oltita qonun qabul qilinganini ham aytib o‘tdi.
“Bir qator boshqa qonun loyihalari hozir Davlat Dumasi portfelida. Samara viloyati deputatlari, turli fraksiya vakillaridan kelgan tashabbuslar ham bor. Biz ularni shu yilning oxirigacha ko‘rib chiqamiz”, degan Volodin.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 8 avgust kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin mamlakatda noqonuniy migrantlarga tegishli yangi migratsiya deportatsiyasi rejimini joriy etish to‘g‘risidagi qonunni imzolagan edi. Qabul qilingan qonun nazorat ostidagi shaxslar reyestrini yaratishni nazarda tutadi. Deportatsiyaga qadar chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs maxsus muassasaga joylashtiriladi. U mamlakatni tark etgach, rejim o‘z faoliyatini to‘xtatadi.
Shuningdek, joriy yil 1 dekabrdan boshlab Rossiyaga kirish uchun chet elliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan biometrik ma’lumotlarni taqdim etish bo‘yicha sinov loyihasi ishga tushirilishi mumkin. Unga ko‘ra, Rossiyaga vizasiz kirish uchun barcha chet elliklar maxsus arizada biometrik ma’lumotlarni oldindan topshirishlari va tashrif maqsadi haqidagi ma’lumotlarini taqdim qilishi kerak. Shuningdek, viza rejimida Rossiyaga boradiganlar sayohat hujjatlarini, shu jumladan fotosurat bilan ariza shaklini berishi zarur.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Moskva viloyatida o‘tkazilgan reyddan so‘ng MDH davlatlari va Afrikadan 120 nafar migrant Rossiya Federatsiyasidan chiqarib yuborildi.