Qodirov Prigojinga qarshi kurashish uchun yordam kuchi jo‘natdi
Olam
−
24 iyun 2023
20157Checheniston Respublikasi Mudofaa vazirligi va Rossiya gvardiyasi jangchilari allaqachon keskinlik yuzaga kelgan zonalarga jo‘nab ketdi. Bu haqda Checheniston rahbari Ramzan Qodirov o‘zining Telegram-kanalida xabar berdi.
“Bo‘layotgan hamma narsa “orqadan pichoq urish” va haqiqiy harbiy qo‘zg‘olondir! Tarix shuni ko‘rsatadiki, bunday harakatlar qonli oqibatlarga olib kelishi mumkin. “Maxsus harbiy operatsiya”da biz ozgina yo‘qotishga uchradikmi? Biz hali ham mamlakat ichida muammo yaratishimiz kerakmi?”, deya ta’kidlagan Checheniston rahbari.
Ramzan Qodirov Rossiya Prezidenti Putin haqida ham o‘z fikrlarini bildirib, uni ko‘klarga ko‘tarib ulug‘lagan. Qodirovning aytishicha, Putin butun vaziyatni har qanday strategdan yaxshiroq biladi. Uning qarorlari esa mutanosib va puxtalik bilan qabul qilinadi.
“Har birimiz xaritaning faqat bitta qismini ko‘ramiz va u bir vaqtning o‘zida hamma narsani ko‘radi! Va Vladimir Vladimirovich xalqqa murojaatida juda to‘g‘ri ta’kidladi – bu harbiy qo‘zg‘olon! Bunday harakatlarni oqlab bo‘lmaydi! Men Vladimir Vladimirovich Putinning har bir so‘zini to‘liq qo‘llab-quvvatlayman!”, degan Checheniston rahbari.
Shuningdek, Ramzan Qodirov jangchilarga murojaat qilib, provokatsiyaga berilmaslikni, qanday maqsadlar qo‘yilmasin, qanday va’dalar aytilmasin, bunday paytda davlat xavfsizligi va Rossiya jamiyatining jipsligi hamma narsadan ustunligini ta’kidlagan.
Qodirov Checheniston Mudofaa vazirligi va Rossiya gvardiyasining Chechenistondagi jangchilari allaqachon keskinlik kuchaygan zonalarga jo‘nab ketgani, Rossiyaning birligini saqlash va uning davlatchiligini himoya qilish uchun hamma narsani qilishini ta’kidlagan.
“Qo‘zg‘olonni bostirish kerak va agar bu qattiq choralarni talab qilsa, biz tayyormiz!”, deya fikrini yakunlagan Qodirov.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 24 iyun kuni “Vagner” jangchilari Rostovdagi Janubiy harbiy okrug shtab-kvartirasini egallab oldi. Buning ortidan Rossiya Mudofaa vazirligi “Vagner” hujum otryadlari jangchilariga, Prezident Vladimir Putin esa rossiyaliklarga murojaat bilan chiqdi.
Shuningdek, O‘zbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi Rossiyada bo‘lib turgan fuqarolarini ogohlantirdi.
Ibrohimjon G‘afforov
LiveBarchasi